Jamiyat | 09:38 / 02.07.2020
20997
7 daqiqa o‘qiladi

Yaqin xorijda masofaviy ta'lim olgan talabalar O‘zbekistonda tahsilni davom ettirish uchun buyruqni kutishmoqda

Shu yilning fevralida yaqin qo‘shni davlatlar: Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston oliy ta'lim maskanlarida ta'lim olayotgan o‘zbekistonliklar uchun ajoyib bir imkoniyat taqdim etildi. Ular hech qanday imtihonlar yoki qo‘shimcha sinovlarsiz o‘z tahsilini O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish imkoniga ega bo‘ldi.

Dastavval, qo‘shni davlatlar universitet va institutlarida masofaviy ta'lim shaklida o‘qiyotgan talabalarga ham shunday imkoniyat berilishi ma'lum qilindi. Keyinchalik, bu ruxsat masofaviy oliy ta'lim olayotganlarga tegishli bo‘lmasligi aytildi. Bu esa, o‘qishini ko‘chirib, O‘zbekistonda dars jarayonlariga kiritilgan, shartnoma pullarini to‘lagan yoshlarda tushunmovchilikka sabab bo‘ldi.

Biroq, keyinchalik, mamlakatda karantin choralari kuchaytirilgani bois, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati ham qonunchilikdagi oliy ta'limning masofaviy shakliga doir bo‘shliqni to‘ldirdi. Ammo, yaqin xorijiy davlatlarda masofaviy ta'lim olgan va O‘zbekistonga qaytgan minglab yoshlarning muammosi hamon ochiqligicha turibdi.

Kun.uz muxbiri ayni masala yuzasidan Xorazmdagi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan, lekin, keyinchalik vazirlikning maxsus qarorini, oliy o‘quv yurtining buyrug‘ini kutib ovora bo‘layotgan yoshlar bilan uchrashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ular Qozog‘istonning turli universitetlarida o‘zlari tanlagan mutaxassisliklar bo‘yicha masofaviy ta'lim olishgan. Fevral oyida o‘qishni ko‘chirishga ommaviy ruxsat berilishi ortidan aksariyati hujjatlarini Urganch davlat universitetiga topshirgan.

“Dastavval, ta'lim shaklidan qat'i nazar barcha talabalar qabul qilinishi aytilgan edi. Bizlarning hujjatimizni ham shunga binoan kechki yoki sirtqi ta'lim yo‘nalishlariga qabul qilishlarini aytishdi. Shartnoma pullarini ham to‘ladik. Talabalar o‘quv bazasiga kiritishdi, login-parol ham berishdi. Karantin munosabati bilan masofaviy ta'lim ham olib turdik. Biroq, kutilmaganda bizlarni chaqirib, shartnoma uchun to‘lagan pullarimizni qaytarib olishimiz kerakligini bildirishdi. Biz endi ikki tomondan ham quruq qolamizmi?”, - deya savol bilan murojaat qiladi Gulnoza Abdurahimova o‘zi singari holatga tushib qolgan xorazmlik talabalar nomidan.

Qo‘shni davlatlar oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta'lim olib, o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan talabalar taqdiri nima bo‘lishiga oydinlik kiritish maqsadida UrDU o‘quv ishlari prorektori Sardor Xo‘janiyozov bilan suhbatlashdik.

Prorektorning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, dastavval ta'lim shaklidan qat'i nazar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarga baravar ruxsat berilgani rost. Biroq, keyinchalik, masofaviy ta'lim olayotganlar istisno qilingan. Bu orada hujjatlarini o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston oliy ta'lim maskanlariga topshirganlar shartnoma pullarini ham to‘lashga ulgurgan. Ularga login-parol berilishining sababi, prorektorga ko‘ra, talabalarning hujjatlari haqiqiyligi tasdiqlansa, ularni qabul qilishni osonlashtirish nazarda tutilganligidir.

“Har bir institut-universitet rektorlariga o‘zlari rahbarlik qilayotgan oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda talabalarni qabul qilishga ruxsat berilgan. Ya'ni rektor hujjat topshirgan talaba bergan ma'lumotlar haqqoniyligini aniqlashi, ular tasdiqlansa, talabalar safiga qabul qilish haqida buyruq chiqarish vakolatiga ega”, - deydi Sardor Xo‘janiyozov.

Shunga binoan, prorektorning aytishicha, mabodo talaba hozirda onlayn o‘quv jarayoniga kiritilgan, o‘qishni davom ettirayotgan yoxud semestr imtihonlari va sinovlarini topshirayotgan yoki topshirmayotganidan qat'i nazar, shuningdek, shartnoma pulini to‘lagan yoki qaytarib olgan bo‘lsa-da, rektorning buyrug‘i bilan talabalar safiga qabul qilinishi mumkin.

Ammo, buning uchun bir necha bosqichda talabalikka da'vogar taqdim etgan hujjatlar haqiqiyligi tekshirilishi talab etiladi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari U. Begimqulov tomonidan 2020 yil 19 iyunda imzolangan 87-03-2141 sonli hujjatda Respublika oliy ta'lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlaridan “qo‘shni davlatlardagi oliy ta'lim muassasalarining masofaviy (onlayn) ta'lim shaklidan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishi ko‘chirilishi tavsiya etilgan fuqarolarni talabalikka qabul qilish bo‘yicha rasmiylashtirilishini ta'minlash” so‘ralgan. Bunda quyidagi talab va tadbirlarning bajarilganligi aniqlangandan so‘nggina tegishli hujjatlarning rasmiylashtirilishiga alohida e'tibor qaratish lozimligi belgilangan:

·       fuqarolarning pasportlarida muayyan qo‘shni davlatga kirish-chiqish belgilarining mavjudligini tekshirish;

·       qo‘shni davlatdagi oliy ta'lim muassasasida haqiqatda o‘qiyotganligini tasdiqlovchi xati yoki boshqa hujjatlarning asl nusxalari taqdim etilganidan so‘ng, ushbu hujjatlar, shu jumladan, mazkur oliy ta'lim muassasasining davlat akkreditatsiyasidan o‘tganligini sinchiklab tekshirish.

Shu bilan birga, vazirlik hujjatida,

·       fuqarolarning pasportlarida muayyan qo‘shni davlatga kirish-chiqish belgilari o‘qishga kirgandan keyingi davrda umuman mavjud bo‘lmaganda;

·       fuqarolarning qo‘shni davlatdagi muayyan oliy ta'lim muassasasida haqiqatda o‘qiyotganligi hech qanday hujjatda aniqlanmaganda;

·       o‘qiyotgan oliy ta'lim muassasasi davlat akkreditatsiyasidan o‘tmaganligi aniqlangan taqdirda, bunday fuqarolarni talabalikka qabul qilishga asos yo‘qligi ma'lum qilingan.

Ta'kidlash o‘rinliki, birgina Urganch davlat universitetiga 1200 dan ortiq talaba xorijdan o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha hujjat topshirgan bo‘lsa, shundan 200 atrofidagi yosh yigit-qiz masofaviy ta'limdan kechki yoki sirtqi yo‘nalishlarga hujjatlarini topshirgan. Shunga ko‘ra, respublika miqyosida bu raqam ancha katta ekanini taxmin qilish qiyin emas.

Shu bilan birga, o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, masofaviy ta'lim olayotganini ro‘kach qilib, hujjatlar topshirganlarning ayrimlari taqdim etgan ma'lumotnoma yoki boshqa turdagi hujjatlari qalbaki ekanini aniqlangan. Qolaversa, pasportida o‘zi ta'lim olayotganini da'vo qilgan mamlakatga chiqib kelganini isbotlovchi muhr bosilmagan, yoxud ayni fuqaro ism-sharifi chegara postida qayd etilmagan. Shu bois, yaqin qo‘shni davlatlarda masofaviy ta'lim olayotganini bildirgan yoshlarning topshirgan hujjatlari alohida sinchkovlik tekshirilmoqda. Albatta, bu jarayon ma'lum bir vaqtni olishi tabiiy. Hujjatlari tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar esa, hech bir istisnosiz talabalar safiga qabul qilinadi.

Mavzuga oid