Jamiyat | 16:38 / 06.07.2020
12928
7 daqiqa o‘qiladi

Mahalla qaysi hujjatga ko‘ra gazdan uzib qo‘yilgan: kasbilik qariyalarning murojaatiga tayinli javob yo‘q

Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushgan Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi «Do‘stlik» mahallasi tuman markazi bo‘lmish Mug‘lon shaharchasi bilan yondosh - qariyb 500 metr narida.

«Qish g‘amini yozda ye», deyishadi. Mahalladagi oqsoqollar qishda isinish uchun tappi yasashni hozirdan boshlab yuborishgan. Chunki 1989 yilda gazlashtirilgan mahalla tabiiy gaz tarmog‘idan 2013 yilda uzib qo‘yilgan. O‘shandan beri mahalla suyultirilgan gaz ballon bilan ta'minlanadi.

Biroq, qishni u yoqqa qo‘ya turing, bugungi kunda ham ovqat pishirish uchun ballonni to‘ldirishga 40-50 kunlab navbat kutishmoqda. Xususan, shu mahallada istiqomat qiluvchi Botir Temirov 23 ming so‘mga to‘latilishi kerak bo‘lgan gaz balloni uyigacha 40-45 ming so‘mga tushib kelayotganini aytib o‘tdi. B.Temirovning so‘zlaridan anglashiladiki, ballonni to‘ldirish stansiyasiga mahalla ahlining o‘zi olib boradi. U yerda ulkan navbat vujudga kelgan. Ballonni «Hududgaz» tashkiloti o‘zi paydar-pay, uyma-uy yurib tashishni yig‘ishtirib qo‘ygan.

Mahalla oqsoqollarini so‘zga tutdik. Ular qator yillardan buyon tegishli idoralarga murojaat qilaverib, muammoga yechim topa olishmayapti.

Olim To‘rayevning hikoya qilib berishicha, mahallaning atrofidagi ko‘chalar tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan. Mahallada ham gaz quvurlari hamon saqlanib turibdi. Bir sinov o‘tkazish bilan bilan mahallani gazga ulash mumkin. Hattoki gaz taqsimlash punktlarigacha saqlanib turibdi.

 

Mahalla ahlining murojaatlariga «Hududgaz» Qashqadaryo filiali tuman hokimining 2014 yil 25 avgustdagi 109-F sonli farmoyishiga ko‘ra gazdan uzilganini bot-bot ro‘kach qilib kelmoqda.

Lekin tuman hokimining 2014 yildagi o‘sha farmoyishida mahallaning gaz bosimi past bo‘lgan Xo‘ja Xitoy qishlog‘idagi 246ta xonadon gazdan uzilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Navoiy ko‘chasi emas.

Holbuki, mahallaning Navoiy ko‘chasida 600dan ziyod xonadonda 800dan ziyod oila yashaydi. Ko‘chaning narigi tomonidagi «Xo‘ja Kasbi» mahallasi ham o‘sha farmoyishga ko‘ra gazdan uzilgan.

Mahalladagilar suyultirilgan gaz ta'minoti so‘nggi ikki yilda butkul izdan chiqib ketganini aytishmoqda. Bu ayniqsa qish faslida aholiga katta qiyinchilik keltirib chiqarmoqda.

«Choyniku, elektr yordamida qaynatamiz. Berilayotgan suyultirilgan gaz ovqat pishirishdan ortmaydi — bir oyga yetar yetmas, 20-25 kunda suyultirilgan gazni sarflab bo‘lamiz. To‘g‘risini tan olish kerak, boshida ta'minot yaxshi edi, ballon tugashi bilan to‘ldirib berib turishardi. Endi 40-45 kungacha cho‘zilmoqda. Undan qishda isinish uchun foydalanib bo‘lmaydi — tez tugab qoladi. Qolaversa, ballonning yarmiga kondensat to‘ldiriladi. Kondensat esa qishda yonmaydi. Yanada tez tugaydi», deb tushuntirishdi «Do‘stlik» mahallasida istiqomat qilayotgan qariyalar.

Shuning uchun oqsoqollar mahallani qaytadan tabiiy gaz tarmog‘iga ulash uchun yelib-yugurishmoqda.

Biz bu muammoda kimnidir ayblash fikridan yiroqmiz. Lekin bir tomoni «Muborakgaz» konlari, bir tomoni «Sho‘rtangaz» konlaridan gaz qazib olinayotgan, chor atrofi tabiiy gaz bilan taminlangan hududda bu qadar muammo yuzaga kelishi, odamlar majburlikdan qishda tappi yoqib jon saqlashiga mas'ullar chidasa bo‘ladigan holat, deb qarab kelishayotgan taassufli.

Chunki «Do‘stlik» mahallasi gaz tarmog‘i bormagan, uzoq cho‘l o‘rtasidagi tarqoq qishloq bo‘lganda ham tushunsa bo‘lar edi, gaz bilan ta'minlashning imkoni yo‘q, murakkab masala-ku, deb. Lekin gap tuman markazidan 500 metr naridagi, chor atrofi tabiiy gaz yoqayotgan mahalla haqida bormoqda.

Nega yondosh mahallalarga yetayotgan gaz kelib-kelib shu mahallaga yetmay qolayotgani, boshqalarga yetib turgan resurs aynan shu mahallaga kelganda tagi ko‘rinib qolayotgani qiziq.

Masalaning ikkinchi tarafi ham bor: mabodo tabiiy gaz ta'minoti tiklangudek bo‘lsa ham mahalladagi barcha xonadonlarni bir tekis ta'minlashning imkoni bormikin? O‘zi mahallada yashovchilarning barchasi ham tabiiy gaz ta'minoti tiklanishiga rozimi? Balki hozirgi holat — suyultirilgan gaz bilan ta'minlash ham qoniqtirib kelayotgandir ko‘pchilikni? Mahallada ota-bobolari tomonidan asrlar osha foydalanib kelayotgan usul — tappi yoqib, isinib yurishga rozilar ham ko‘pdir, XXI asrda ham?

Chunki, gazdan uzishdan avval mahalla ahlidan gaz bosimi pastligi sababli aholiga ko‘ngildagidek yetkazilmayotgan gaz uchun noreal qarzdorlik ko‘payib ketishi borasida ogohlantirib, ariza yozdirib olingani ham tilga olib o‘tildi. Ya'ni, o‘sha 2013-yillarda gaz bosimi keskin kamaygan, odamlar yoqmayotgan gazi uchun pul to‘lashdan bezor bo‘lgan, so‘ngra majburlikdan propan ta'minotiga o‘tishga rozi bo‘lgan, degan fikr ham ilgari surildi.

Nima bo‘lganda ham, tuman hokimligi, tumandagi gaz ta'minoti idorasi mas'ullari ushbu vaziyatni — mahallani tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulash masalasini sinchiklab o‘rganib ko‘rishlari kerak, nazarimizda. Albatta, buning uchun resurs ham, boshqasi ham topiladi. Ishga vijdonan yondashish, xohish va istak bo‘lsa bas.

Aholi suyultirilgan gaz bilan ta'minlanayotgani, hammasi risoladagidek ekanini o‘rtaga tiqmaslik kerak. Birinchidan, suyultirilgan gaz odamlarning qora qozonini qaynatib turishi mumkin, ammo qishda uyni isita olmaydi. Odamlarga tabiiy gaz avvalo qishning qahratonida uyi issiq bo‘lishi uchun kerak.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid