Light | 16:37 / 07.07.2020
15107
9 daqiqa o‘qiladi

220 yilda 44 prezidentga qarorgoh bo‘lgan Oq uy. U haqda nimalarni bilasiz?

Ikki asrdan ortiqroq vaqtdan beri Oq uy nafaqat mamlakat rahbarlarining istiqomatgohi, balki amerika millatining kuch-qudratini namoyish etadigan ramz sifatida ham xizmat qilib kelmoqda.

Amerika prezidentlarining rasmiy rezidensiyasi – butun dunyoga Oq uy nomi bilan mashhur bo‘lgan bino poydevori 1792 yilda qo‘yilgan.

Bino quriladigan joyni mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashingtonning o‘zi tanlaydi. «Bu – Potomak daryosi bo‘yida, 10 kvadrat mildan oshmaydigan joy bo‘lishi kerak», degan edi Vashington.

Jorj Vashington, AQShning birinchi prezidenti

Shunday qilib, Oq uyni o‘zining hozirgi manzilida – «1600, Pensilvaniya Avenyu, Vashington DC 20500, AQSh»da bunyod etish boshlanadi.

Bino loyihasini ishlab chiqish uchun e'lon qilingan tanlovda Jyeyms Xobin ismli arxitektor g‘olib bo‘ladi. Xobin bilan birga Vashingtonning o‘zi ham loyiha ustida hammuallif sifatida ishlaydi.

Oq uy chizmasi
Jyeyms Xobin bino loyihasini chizishda Dublindagi Lenster Haus (hozirgi Irlandiya parlamenti)ning arxitekturasidan ilhomlangan.

Loyihaga ko‘ra, bino yunon klassik arxitekturasi prinsiplari asosida, aniq simmetriyaga rioya qilgan holda bunyod etilishi kerak edi. Oq uyning dastlabki qurilish ishlari uchun 2,5 mln dollar mablag‘ ajratiladi.

1800 yilning yoz oylariga kelib binoning asosiy qismida qurilish yakunlanadi. 1800 yil 4 iyun Oq uy foydalanishga topshirilgan rasmiy sana hisoblanadi.

Ammo 8 yil davom etgan qurilishdan so‘ng, o‘zi mualliflik qilgan binoda yashash Jorj Vashingtonga nasib qilmadi. Bu paytga kelib, uning vakolat muddati tugagan, mamlakat tepasiga ikkinchi prezident – Jon Adams kelgan edi. Aynan u turmush o‘rtog‘i Abigayl bilan tantanali ravishda Oq uyga ko‘chib o‘tgan birinchi prezident sifatida tarixda qoldi.

Jon Adams, Oq uyda yashagan birinchi prezident

«Bu uyga va unda yashaydigan barchaga yaxshiliklar nasib etishini iltijo qilaman. Uning tomi ostida faqatgina halol va dono insonlar hukmronlik qilsin» – Jon Adamsning rafiqasiga yuborgan maktubida bitilgan bu so‘zlar rezidensiyadagi Tantanalar oshxonasida joylashgan kamin pechga o‘yib tushirilgan.

Nega aynan «Oq uy»?

Binoga nega bunday nom berilgani xususida tarixchilar orasida yakdil fikr mavjud emas. Talqinlardan biriga ko‘ra, bino to‘liq oppoq ko‘rinishda bo‘lgani, qizil granitdan ishlangan atrofdagi boshqa inshootlar fonida yaqqol ko‘zga tashlanib turgani uchun ham shunday nomni olgan.

Ba'zi mutaxassislarning fikricha, rezidensiyaga bu nom u qurilgan vaqtda emas, 1811 yildan boshlabgina qo‘llanila boshlangan.

Mutlaqo boshqa versiyaga ko‘ra, Oq uy nomi 1814 yilda berilgan. Ma'lumki, Amerika hududlari dastlab Britaniya koloniyalari hisoblangan, Amerikaning mustaqillikni e'lon qilishi va inglizlar ta'siridan to‘liq chiqib ketishga harakati 1812-1815 yillarda ikki mamlakat o‘rtasida urushga sabab bo‘ladi. Urush davomida 1814 yilda britaniyaliklar Vashingtonga o‘t qo‘yishadi, yong‘in davomida Oq uyga ham jiddiy zarar yetadi. Aynan shu paytda yong‘in asoratlarini ko‘zdan pana qilish uchun bino oppoq rangga bo‘yalgan, degan fikr mavjud.

Oq uy yong‘inda
Buyuk Britaniya AQSh poytaxtiga hujum qilgan yagona davlat hisoblanadi.

Yuqoridagi variantlardan qay biri eng to‘g‘riligidan qat'i nazar, prezident rezidensiyasi o‘zining hozirga nomiga 1901 yilda – Teodor Ruzvelt davrida rasman ega bo‘ladi.

Rekonstruksiyalar

Oq uyning hozirgi holati qurilishi tugallangan dastlabki davrdan ancha farqlanadi. O‘tgan 3 asr davomida uning tuzilishiga bir qancha qo‘shimchalar kiritib borilgan.

Yuqorida aytilganidek, 1814 yilda Oq uy britaniyaliklar hujumiga uchragach, rekonstruksiya qilinadi, 1817 yilda yana foydalanishga topshiriladi. Bunda binoga ikkita yerosti qavati ham qo‘shiladi.

20-asr avvalida, Teodor Ruzvelt prezidentligi davrida Oq uyga g‘arbiy va sharqiy qanot binolari qo‘shiladi. G‘arbiy qanotda prezidentning asosiy ish joyi bo‘lgan Oval kabinet, sharqiy qanotda esa mehmonlarni qabul qilish qismi o‘rin oladi.

1927 yilda qarorgoh boloxonasi (cherdak) yashash uchun moslashtirilgan holda qayta quriladi.

1949-1952 yillarda prezident Garri Trumen davrida Oq uy to‘liq kapital remontdan chiqariladi. Binoning yog‘och karkasi po‘latga almashtiriladi, ichki tuzilishi ham o‘zgartiriladi.

Binoning tuzilishi

Umumiy maydoni 5 ming kvadrat metrdan iborat Oq uy 6 qavat (2 qavati yerosti), 132 xona, uchta lift va 8ta zinapoyadan iborat. Shuningdek, binoda 32ta yuvinish xonasi, 28ta kamin pech joy olgan.

Binoda tantanali qabullar uchun Oval havorang zal, norasmiy qabullar uchun Yashil zal, oilaviy tushlik xonasi – Qizil xona, Katta holl, prezidentning ish joyi bo‘lgan Oval kabinet va boshqa turli xonalar mavjud.

Oval kabinet. Oq uyga kelgan har bir prezident o‘zining asosiy ish xonasi dizaynini o‘z didiga muvofiq o‘zgartirishi mumkin.
Foto: Alex Wong/Getty Images
Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp Oval kabinetda. 16 may, 2018 yil
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oval kabinet derazasi bog‘ tomonga qaragan.

Oq uy atrofida 7,2 gektar maydonni egallagan prezident bog‘i joylashgan. Shuningdek, rezidensiya ansambliga sobiq birinchi xonimlar tashabbusi bilan tashkil etilgan bog‘lar ham kiradi: binoning g‘arbiy tomonida Vudro Vilsonning rafiqasi bunyod etgan Pushtirang bog‘, sharqiy qanotida Jon Kennedining turmush o‘rtog‘i Jaklin Kennedi tashabbusi bilan qad ko‘targan bog‘ joy olgan.

Foto: Getty Images
Donald Tramp bog‘da nutq so‘zlamoqda (2017 yil)

Rezidensiya intereri

Oq uyga ko‘chib kelgan yangi prezident va uning oilasi binoni o‘ziga ma'qul tarzda jihozlashi mumkin. Ularning har biri qarorgohga o‘ziga xos yangilik kiritishga harakat qilsa-da, yetakchi fon sifatida 18-19 asr muhiti saqlab qolingan. Binoni bezatish, intererga o‘zgartirish kiritish Oq uy boshqaruv qo‘mitasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.

Rezidensiyada hozirgacha o‘tgan prezidentlar oilasiga tegishli ashyolar, boshqa davlatlarning oliy maqomdagi shaxslari tomonidan berilgan sovg‘alar saqlab qolingan. Amaldagi prezident oilasi ulardan o‘z xonalarini bezatish uchun foydalanishi mumkin.

Foto: The Washington Post/Getty Images

Oq uy bo‘ylab ekskursiya

Oq uy keng omma uchun ilk bor Tomas Jyefferson davrida ochiladi. AQShning uchinchi prezidenti 1805 yilda inaguratsiyada ishtirok etganlarni Oq uyga mehmonga taklif qiladi. Ko‘p o‘tmay, prezident rezidensiyasi uni tomosha qilishni istaganlar uchun ochiladi.

Shuningdek, Jyefferson yangi yil va 4 iyul – mamlakatning mustaqillik kuni munosabati bilan Oq uyda tantanalar uyushtirish an'anasini ham kiritadi.

Bugungi kunda seshanbadan jumagacha sayyohlar uchun Oq uyda ekskursiya uyushtiriladi (pandemiya sababli bu vaqtincha to‘xtatilgan). Qiziquvchilar uchun tantanalar, rasmiy va shaxsiy uchrashuvlar o‘tkaziladigan Havorang, Yashil, Sharqona, Qizil xonalar joylashgan ikkita qavat ochiq. Binoning boshqa qismlari prezident va uning oilasi istiqomati uchun ajratilgan.

Qizil xona

Qo‘shimcha qilish joiz, ba'zilar AQSh prezidenti rezidensiyasi bo‘lgan Oq uy va mamlakat Kongressi joylashgan Kapitoliy binosini chalkashtirib yuboradi. Chunki ularning har ikkisi ham oppoq ko‘rinishga ega.

Kapitoliy. Oq uydan Kapitoliy tepaligigacha piyoda yurib 40 daqiqada yetib kelish mumkin.

Quyidagi havolaga o‘tish orqali Oq uy bo‘ylab virtual sayohat qilish mumkin.

Mavzuga oid