O‘zbekiston | 18:27 / 08.07.2020
4029
2 daqiqa o‘qiladi

Har ikki yilda e'lon qilinadigan xalqaro indeksda ilk marta O‘zbekiston haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi

Moliya vazirligining ma'lum qilishicha, Har ikki yilda e'lon qilinadigan «Raqobatbardosh sanoat unumdorligi» indeksida ilk marta O‘zbekiston haqidagi ma'lumotlar ham kiritilgan.

«BMT tarkibiga kiruvchi Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (United Nations Industrial Development Organization, UNIDO) tomonidan 2020 yil 3 iyuldagi «Raqobatbardosh sanoat unumdorligi» indeksining 2020 yilgi hisobotida mamlakatimiz ilk marotaba aks ettirilib, 0,017 ball bilan 152 ta mamlakat orasida 92-o‘rinda qayd etildi.

Hisobotda O‘zbekiston Respublikasi mazkur indeks tarkibidagi «Sanoat ishlab chiqarish qo‘shilgan qiymatining YaIMdagi ulushi» indikatorida 0,566 ball bilan 18-o‘rinni (jahon bo‘yicha o‘rtacha 0,343 ball) hamda «Sanoatlashtirish intensivligi» indikatorida 0,406 ball bilan 43-o‘rinni (jahon bo‘yicha o‘rtacha 0,323 ball) egallab, dunyoda va rivojlanayotgan mamlakatlar orasida o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori ekanligi qayd etilgan», deyiladi vazirlik tomonidan e'lon qilingan xabarda.

Ta'kidlanishicha, indeksning yuqori beshligidan Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya kabi yuqori sanoat unumdorligiga ega mamlakatlar o‘rin olgan.

Hisobotdagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida 5-o‘rinda keltiriladi.

Ingliz tilidagi to‘liq hisobot bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Raqobatbardosh sanoat unumdorligi» indeksi 1996 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba e'lon qilib kelinadi. BMT tarkibiga kiruvchi Sanoatni rivojlantirish tashkiloti statistik ma'lumotlar asosida mamlakatlarning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport salohiyati, texnologik takomillashtirish va modernizatsiya qilish darajasi, mamlakat sanoatining jahonga ta'siri darajasini baholab boradi. 

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid