O‘zbekiston | 15:41 / 10.07.2020
8455
6 daqiqa o‘qiladi

«10 iyuldan Nurafshon shahriga barcha hududlardan kirish va chiqish to‘xtatildi» – Toshkent viloyati hokimi aholiga murojaat qildi

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov viloyat ahlini karantin qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirdi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Viloyat hokimi ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan so‘nggi kunlarda koronavirusga chalinganlar soni u rahbarlik qilayotgan hududda ham o‘sib borayotgani, keyingi bir haftada 217 nafar insonda mazkur xastalik aniqlangani, kunlik o‘sish hajmi 2-3 barobarga o‘sib ketayotganini qayd etgan.

«Joriy yilning 10 iyul kuni soat 00:01 dan boshlab har qanday transport vositalarida Nurafshon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Nurafshon shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan, viloyat tuman va shaharlariga chiqish to‘xtatildi.

Nurafshon shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Nurafshon shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga, Nurafshon shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, viloyat boshqarma, idora va tashkilotlarida mehnat qilayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas'ul xodimlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yildi», deyiladi murojaatda.

Hokim Toshkent viloyatidagi barcha ishlab chiqaruvchi — bu sanoat korxonalarimi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarmi, issiqxonalarmi, to‘qimachilik sanoati korxonalarimi yoki istalgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar bo‘lishidan qat'iy nazar, barcha tadbirkorlik sub'yektlari uchun yuk tashuvchi avtomashinalar viloyat hududida hech qanday ruxsatnoma va  to‘siqlarsiz harakat olib borayotgani, shuningdek, viloyat hokimligi, viloyat iqtisodiyot, moliya, soliq boshqarmalari xodimlaridan iborat maxsus guruh tomonidan hozirda koronavirus pandemiyasidan aziyat chekkan tadbirkorlar uchun soliq ta'tillari yoki imtiyozlari berish bo‘yicha arizalar qabul qilinayotganini alohida ta'kidlagan.

«Viloyatda koronovirus pandemiyasining hudud iqtisodiyotiga salbiy ta'sirini yumshatish maqsadida ham alohida shtab faoliyat olib bormoqda. Iqtisodiy blok xodimlari tadbirkorlik sub'yektlari bilan doimiy muloqot qilib, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganib bormoqda. Viloyatda aksariyat ko‘ngilochar, sport, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari, oziq-ovqat va buyum bozorlari faoliyati to‘xtab qolgani bilan barcha ishlab chiqarish korxonalari, oziq-ovqat bilan savdo qiluvchi nuqtalar, dorixonalar, tibbiyot maskanlari faoliyatini davom ettirmoqda. Aynan shu muassasalarda faoliyat yurituvchi fuqarolarning bir hududdan ikkinchi hududga kirishi yoki chiqishi uchun sharoitlar yaratilgan.

Barcha tijorat banklari tadbirkorlarimizga ajratilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlar muddatlarini uzaytirish choralarini ko‘rmoqda. Bugungi kunga qadar 7 ming 142 ta tadbirkor va 135 ming  nafardan ortiq jismoniy  shaxsning 1 trln. 498 milliard so‘mlik kredit muddatlari uzaytirib berildi.

Bundan tashqari, shtab a'zolari tomonidan eksportchi korxonalarga budjetdan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish, vaqtincha daromadidan mahrum bo‘lgan soha (ayniqsa, turizm sohasi) xodimlarini qo‘shimcha budjet mablag‘lari hisobidan jamoat ishlariga jalb qilish yoki boshqa yordamlar berish kabi muammolarni hal qilish bo‘yicha ham tizimli  ish olib borilmoqda.

Yana bir muhim masala, bu bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlashdan iborat. Ming afsuski, el boshiga mana shunday sinovli kunlar tushganidan, oziq-ovqat va iste'mol tovarlariga bo‘lgan talabning oshib borayotganidan foydalanib qolishni o‘ylaydigan ayrim insofsiz  tadbirkorlar tomonidan narxlar asossiz ravishda oshirib yuborilayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Bu borada tegishli xizmat xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari yanada kuchaytiriladi va viloyatda narx-navo barqarorligini saqlash uchun barcha zarur choralar ko‘riladi.

Shuningdek, tibbiy niqoblar, antiseptik vositalar ham dorixonalarimizda yetarli. Ularni ishlab chiqarish uchun barcha resurslar o‘zimizda mavjud, ularni tayyorlash va markazlashgan xolda dorixonalar va savdo nuqtalariga yetkazib berishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi», deb aytgan Rustam Xolmatov.

Murojaatda viloyatdagi 20 mingdan ortiq fuqarolarimiz kam daromadli va ijtimoiy himoyaga muhtojligi inobatga olingan holda “Saxovat va ko‘mak” loyihasi tashkil etilgani, karantin davrida ijtimoiy  ahvoli og‘irlashgan, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan hamda nogironligi mavjud bo‘lgan oilalarga saxovatli tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan 2 mlrd. 957 mln. so‘m miqdoridagi ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgani qayd etilib, ushbu xayrli ishlar bundan buyon ham izchil davom ettirilishi ma'lum qilingan.

«Joriy yilning 2 fevralidan shu kunga qadar chet eldan charter reyslari hamda chegara postlari orqali mamlakatimizga olib kelingan jami 70 mingga yaqin vatandoshimiz karantin zonalariga joylashtirilgan. Jumladan, ayni paytda Yuqori Chirchiq karantin poligonida 14 ming 830 nafar fuqaro statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvga olingan. Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda boshqa tibbiyot muassasalarida esa jami 563 nafar fuqaro karantin muddatlarini o‘tamoqda. Yana 8 mingdan ziyod fuqaro uy sharoitida karantinda qolmoqda.

Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolardan 966 nafarida koronavirus kasalligi tasdiqlangan bo‘lib, shundan 586 nafar fuqaro sog‘ayib tibbiy reabilitatsiya markazlariga va yashash manzillariga jo‘natildi. Bugun viloyatimizdagi tibbiyot va karantin muassasalarida kechani kecha, kunduzni kunduz demay, 49 nafar vrach, 836 nafar hamshira, 690 nafar kichik tibbiy va texnik xodim, jami 1574 nafar salomatlik posbonlari bu ofatga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda», deyiladi Toshkent viloyat hokimining aholiga yo‘llagan murojaatida.

Mavzuga oid