O‘zbekiston | 15:57 / 11.07.2020
11983
2 daqiqa o‘qiladi

«Davaktiv» Akfa universitetiga oid qaror loyihasi agentlik bilan kelishilmaganini ma'lum qildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga muhokamaga qo‘yilgan «Akfa universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi kelishish uchun agentlikka yuborilmagan.

Foto: Akfa University

«Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yilgan «Akfa universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi kelishish uchun agentligimizga yuborilmagan. Regulation.gov.uz’da ham hujjat loyihasini tayyorlagan va ko‘rib chiqqan vazirlik va idoralar ro‘yxatida ham agentligimiz nomi keltirilmagan.

«Davaktiv» foydalanish uchun beriladigan har qanday obektlar va yer maydonlari ochiq, shaffof tender asosida sotilishi tarafdoridir», deya agentlik direktorining matbuot kotibi Mo‘min Ibodovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Agentlik «Akfa» universitetiga ajratilishi ko‘zda tutilgan Qibray tumanida joylashgan, Toshkent shahar hokimligiga qarashli “Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik” MChJ balansida bo‘lgan 29,48 ga yer maydonini doimiy foydalanishga ajratib berish masalasi bo‘yicha ham munosabat bildirdi. Ta'kidlanishicha, mazkur masala “Mas'uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq mazkur jamiyatning tegishli boshqaruv organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim, ya'ni bog‘ni ko‘chirish uchun MChJning roziligini olish tavsiya etiladi.

Ma'lumot uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xususiylashtirish dasturiga muvofiq “Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik” MChJ mol-mulki 100 foiz sotuvga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid