O‘zbekiston | 23:53 / 11.07.2020
36104
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi

Bemor kasalxonaga yotqizilishidan oldin bir hafta davomida isitmalab kelgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Xorazm viloyatida koronavirusga chalingan 56 yoshli erkak vafot etganini ma'lum qildi. 

«Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi 56 yoshli D.S. (erkak) bir hafta davomida tana harorati ko‘tarilib, holsiz bo‘lgan.

So‘ngra bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi bilan ham og‘rigan. Xastalik o‘tkir nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», – deyiladi xabarda.

Rasmiy axborotda birorta ham aniq sana ko‘rsatilmagan.

Bu – Xorazm viloyatida koronavirusdan ilk o‘lim holati bo‘ldi. Hozirga qadar faqat Andijon va Sirdaryo viloyatlaridagina virus qurbonlari qayd etilmadi. Jami vafot etganlar soni 57 nafarni tashkil etmoqda.

Mavzuga oid