O‘zbekiston | 18:21 / 12.07.2020
104322
5 daqiqa o‘qiladi

«Darhol nazoratga olishlari xomxayol ekan» - besh kishilik oila o‘z uyida qanday davolanayotgani haqida

Bugunning asosiy mavzusi shubhasiz koronavirus. Na xalqaro siyosat, na iqlim o‘zgarishlari va na olamni lol qilgan sport ommani o‘ziga jalb qilish bo‘yicha pandemiya bilan bellasha oladi. O‘zbekistonda ham so‘nggi bir hafta ichida vaziyat keskin o‘zgardi.

Foto: Aleksey Mayshev

10 iyuldan karantin choralari yana kuchaytirildi. Ammo ko‘pchilikning fikricha, jin ko‘zadan chiqib ketib bo‘ldi, vaziyat nazorat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetdi.

Samarqandlik besh kishilik oila hikoyasi bu taxminlarni qisman bo‘lsa-da isbotlaydi. Ularning iltimosiga ko‘ra, ism-shariflarini sir saqladik.

— O‘zim, xo‘jayinim va uch nafar farzandim birgalikda yashaymiz. Kasallikka o‘zim va 12 yashar o‘g‘lim chalindik, lekin bu tasdiqlangan ma'lumot xolos. Oila jamuljam bo‘lib, xuddi oldingidek bir tom ostida yashayapmiz.

Tanishlarim bilan bir kafeda yig‘ilgandik. O‘shanda kasallikni birinchi men yuqtirgan bo‘lsam kerak. Lekin bu ham taxmin xolos. Dastlabki belgilar paydo bo‘lishi bilan o‘zim borib test topshirdim. Javobi musbat chiqdi – men Covid-19 kasalligiga chalinibman... Keyinchalik bu virus o‘g‘limda ham rasman aniqlandi.

Televizorda ko‘rsatishgani, har bir kasalga alohida e'tibor, dori-darmonlar bilan ta'minlash, gullar bilan kuzatish – hamma-hammasi bekor gap ekan! Gulni-ku qo‘ying, hatto kasalligim aniqlanganidan keyin ham biror kishi kelib xabar olgani yo‘q. O‘zimizcha davolanyapmiz.

Test natijasi chiqqanidan keyin poliklinikaga qo‘ng‘iroq qildim. Ular bizga SESdan signal kelishi kerak, deyishdi. Qo‘limda test javobi turibdi-ku, degan e'tirozimga faqat SES ko‘rsatmasi asosida ishga kirishishlarini aytishdi.

Mantiqni qarang, kasallik aniqlanishi bilan shartta izolyatsiya qilinadi va darhol davolashga kirishiladi, degan gaplar xomxayol ekan. Menga o‘sha SESning o‘zi tasdiqlab bergan ma'lumotnoma o‘tmas ekan, alohida ko‘rsatma ham bo‘lishi kerak ekan. Faqat ana shu «signal» kelsagina meni tekshirishar va dorilar berisharkan.

«Mayli, mendagi testni yo‘q deb hisoblang va isitmam, shikoyatlarim asosida o‘zingiz test oling», – deya e'tiroz bildirganimdan keyin kelib test olib ketishdi.

Ammo ikki kun o‘tdi hamki javobi chiqmadi, men uyda qolaverdim. Axir uyda davolanish mumkinligi aytildi-ku, dersiz. Men bu qaror chiqmasidan oldin kasallikka chalingan va bu haqda bildirib uyda davolanishni boshlagandim.

Xullas, oilamiz bilan uyimizda qoldik, men hamda o‘g‘limda aniqlangan, xo‘jayinim va ikki farzandimda bor-yo‘qligi ma'lum emas. Lekin hamisha birga bo‘lganmiz va kasallik aniqlanganidan keyin ajralishdan umuman mantiq yo‘q edi. Xuddi oldingidek yashayverdik, faqat ko‘chaga chiqmay turdik.

Tanish shifokorlarimdan, internetdan olgan tavsiyalarimga ko‘ra olgan dorilarim ancha qimmat ekan. Xudoga shukr, oilamiz imkoniyatlari yetarli, hammasini oldik. Lekin besh kishi uchun uch kun ichida taxminan 3 mln so‘mlik dori-darmon ishlatildi. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, nochorroq oila bunday vaziyatda nima qiladi?!

Bir-ikki kun isitmaladim, tomog‘imdan balg‘am ham keldi. Shukrki, nafas qisishdek og‘ir belgilar bo‘lmadi. Oilamizning qolgan a'zolarida juda yengil kechdi. Oradan 3 kun o‘tib, bugundan boshlab ancha yaxshiman, kayfiyatim ham ko‘tarilib qoldi.

Yana bir jihat – kasallik bizga yuqib bo‘lganidan keyin, o‘zimiz bilmagan holda ancha vaqt ko‘chalarni aylanganmiz, juda ko‘p joyga borganmiz. O‘zing kasallikka chalinmaguncha bu xuddi yo‘q narsaday tuyularkan, lekin virus aniqlanganidan keyin o‘zing uchun emas, bolalaring uchun dahshatga tusharkansan.

Hozir mendan tahlil olingan va javob chiqquncha vaqt davomida borgan joylarimni, uchrashgan odamlarimni, oldimga kelganlarni o‘ylab xulosa qilyapman – virus allaqachon nazoratdan chiqib ketib bo‘lgan, u oramizda bemalol aylanib yuribdi!

Unutmang, o‘zingiz va farzandlaringiz uchun birinchi navbatda o‘zingiz mas'ulsiz. Bunday holga tushganingizdan keyin kimdandir xafa bo‘lib o‘tirishdan foyda yo‘q. Ehtiyotingizni qiling, men chalingan kasallik sizni chetlab o‘tsin.

Mavzuga oid