O‘zbekiston | 22:52 / 15.07.2020
3494
3 daqiqa o‘qiladi

Bozorlarda kunlik ehtiyojning 25 foizi miqdorida zaxiralar shakllantirilmoqda – Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti

To‘satdan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish uchun bozorlarda bir kunlik ehtiyojning 25 foizini qoplaydigan miqdorda zaxira shakllantirilmoqda. Narxi oshishi ehtimoli yuqori bo‘lgan mahsulot turi, hududlar kesimida oldindan prognoz qilinib, natijalariga ko‘ra, mahsulotlar arzon hududdan narx oshgan hududlarga intervensiya qilinmoqda.

Bugun, 15 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda brifingda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov karantin davrida bozorlarda narx-navoning oshib ketmasligi uchun qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

«Narxlarni kunlik monitoring qilish tizimi asosida narxi oshishi ehtimoli yuqori bo‘lgan mahsulot turi, hududlar kesimida oldindan prognoz qilinib, natijalariga ko‘ra, mahsulotlar arzon hududdan narx oshgan hududlarga intervensiya qilinmoqda.

Va bu tizim asosida mart-iyul oylarida 47 ming tonna kartoshka, 55 ming tonna piyoz, 12 ming tonna sabzi, 3 ming tonna karam, 2 ming tonna parranda go‘shti, 4 ming tonna go‘sht, 26 million dona tuxum, 4 ming tonna guruch va 2,5 ming tonna shakar ishlab chiqaruvchi narxida bir hududdan ikkinchisiga intervensiya qilingan», dedi Farhod Ochilov onlayn brifingda.

Departament rasmiysining qayd etishicha, to‘satdan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish uchun bozorlarda bir kunlik ehtiyojning 25 foizini qoplaydigan miqdorda zaxira shakllantirilmoqda. Bunda, asosan, 1,5 ming tonna kartoshka, 1,5 ming tonna piyoz, 1,3 ming tonna sabzi, 900 ming dona tuxum, 1 ming tonna guruch, 1 ming tonna un, 400 tonna yog‘ va 450 tonna shakar kunlik zaxira qilinadi.

«Shuningdek, pandemiya sharoitida aholining gavjum bozorlarga borishiga ehtiyoj bo‘lmasligi uchun har bir mahalla va olis qishloqlargacha mahsulotlarni arzon yetkazish tizimi joriy etildi. Va 170 mingdan ortiq ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil etilib, aholiga jami 171 ming tonna oziq-ovqat, 3,6 million dona ko‘chat, 1 milliard so‘mlik urug‘, 9,6 milliard so‘mlik iste'mol mollari arzon narxlarda sotilishi ta'minlandi.

Aholining unga bo‘lgan talabini qondirish uchun hozirga qadar 3 876ta mahallada maxsus do‘kon, 2950ta mahallada esa yuk avtomashinalari orqali 193 ming tonna un qat'iy narxda sotildi. Bunda birinchi navli unning narxi 2 780 so‘m, ikkinchi navli un esa 2 800 so‘m sifatida belgilangan», deya qayd etdi Farhod Ochilov. 

Mavzuga oid