Jahon | 10:50 / 15.07.2020
10171
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon shaharlarida milliy armiya qo‘llab-quvvatloviga namoyishlar bo‘lib o‘tdi

Ozarboyjon poytaxti Boku aholisi Armaniston bilan chegaradagi jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan armiya qo‘llab-quvvatloviga namoyishga chiqdi. Oxirgi kunlarda Ozarboyjon va Armaniston chegarasida ikki davlat harbiylari ishtirokida qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. 

Foto: RIA Novosti

Oxu.Az portalining xabar berishicha, mingdan ko‘proq odam milliy bayroqlarni hilpiratib, “Shahidlar o‘lmas, Vatan yagona”, “Armiyaga shon-sharaf”, “Askarlar olg‘a”, “Bosh qo‘mondon, safarbarlik e'lon qil” degan shiorlarni aytib, “Shahidlar xiyoboni” tomon yurib borishgan. Xuddi shunga o‘xshash namoyishlar mamlakatning qolgan shaharlarida ham bo‘lib o‘tgan.  

Bundan tashqari, Bokuda namoyishchilar mamlakat parlamentiga bostirib kirishgan. Politsiya binoga kirgan namoyishchilarni haydab chiqargan. Politsiyachilar suv purkagichlar qo‘llashiga to‘g‘ri kelgan.

Ozarboyjon va Armaniston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlar 12 iyuldan beri davom etmoqda. Janglar davomida ikki tomon ham yo‘qotishlarga uchragan.

14 iyulda Armaniston 4 harbiy, jumladan bir mayor, bir kapitan va 2 nafar kichik serjantni yo‘qotganini ma'lum qilgan. Ozarboyjonda esa janglar davomida general-mayor va polkovnik hamda pastroq unvondagi bir necha harbiy halok bo‘lgani ma'lum qilingan. Shuningdek, ikki davlat mudofaa vazirliklari bir-birlarining harbiy punktlarini yo‘q qilganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid