O‘zbekiston | 18:24 / 15.07.2020
16085
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Ozarboyjon va Armanistonni diplomatik muzokaralarga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi qurolli nizo bo‘yicha munosabat bildirdi.

Foto: AFP

«O‘zbekiston Respublikasi Ozarboyjon-Armaniston chegarasida insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanligini bildiradi.

Mazkur hududdagi holatning yanada keskinlashishi tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelishi, MDH hududidagi muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiyalarni buzishi, mintaqaviy xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkin.

O‘zbekiston tomonlarning o‘ta sabr-toqatli bo‘lishi tarafdori va holatni barqarorlashtirish hamda mazkur vaziyatdan chiqish uchun siyosiy-diplomatik muzokaralarga chaqiradi.

Shu o‘rinda, halok bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildiramiz», deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi, ikki tomondan ham qurbonlar bo‘ldi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi Armanistonni o‘t ochish haqidagi ahdlashuvni qo‘pol ravishda buzish va mamlakat artilleriyasi joylashgan pozitsiyaga hujum qilishda ayblamoqda. 

13 iyul kuni tomonlar yana bir-biriga o‘t ochdi. Armaniston mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ikki-uch soat davom etgan tanaffusdan keyin ozarboyjonlik harbiylar yana hujumga o‘tgan va bunga munosib javob qaytarilgan. Rasmiy Boku bergan ma'lumotga ko‘ra, Ozarboyjon artilleriyasi, minomyotlari va tanklari arman tayanch punktini vayron qilgan, harbiy texnikani buzgan va askarlarni ham halok etgan. 

Ozarboyjon tomoni to‘qnashuvlarda armiya general-mayori Po‘lat Gashimov va polkovnik Ilgar Mirzayev qahramonlarcha halok bo‘lganini ma'lum qildi. 

Ma'lumot uchun, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyt SSSR parchalanganidan keyin boshlangan. Tortishuvlarga Tog‘li Qorabog‘ hududi sabab bo‘lgan, u yerda asosan armanlar yashaydi va 1991 yilda bu hudud Bokudan mustaqilligini e'lon qilgan. 1992-1994 yillarda Ozarboyjon ushbu hududni qaytarishga uringan, biroq yakunda ikki tomon o‘t ochmaslik haqida ahdlashuv tuzgan, lekin bu kelishuv bir necha marta buzilgan.
 

Mavzuga oid