Jahon | 16:43 / 15.07.2020
46395
12 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi vaziyat: shifoxonalar to‘lib-toshgan, dori-darmon tanqis

Nur-Sultonda yashovchi 38 yoshli Aida Jyeksen shifoxonaning qabul bo‘limida o‘tirib, o‘lim haqidagi xayollarni miyasidan chiqarishga urinadi. Unda koronavirusning tipik belgilari kuzatilmoqda - nafas qisishi, holsizlik va yuqori harorat. Uch soat davomida unga hech kim qaramagan. Bu uning shifoxonaga joylashish uchun ikkinchi urinishi. Bir kun oldin tinimsiz qo‘ng‘iroqlardan so‘ng uni tez yordam statsionarga olib kelgan, lekin qabul qilishmagan. Bo‘sh joy yo‘q.

Foto: Reuters

«Meni bir amallab palataga joylashtirishdi, avvaliga yo‘lakka yotqizishmoqchi edi, chunki barcha joylar to‘lgan. Odamlar yo‘laklarda yotibdi. Hatto karavotlarda emas, kushetkalarda», - deya eslaydi Jyeksen.

Qozog‘istonda kundan kunga Covid-19 tarqalishi avj olmoqda. «Hozir biz urush holatidamiz», deya vaziyatga baho bergandi mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatning juma kungi yig‘ilishida.

Iyul oyi boshida Qozog‘istonda vaziyat yomonlashgani tufayli qayta karantin joriy etildi. 13 iyul kuni esa mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar xotirasi uchun motam kuni e'lon qilindi. BBC Markaziy Osiyoning ushbu mamlakatidagi vaziyat haqida material tayyorladi.

Dushanba kuni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va hukumat a'zolari ijtimoiy masofa saqlagan holda pandemiya qurbonlarini xotirladi

Qozog‘istonda haqiqiy ikkinchi to‘lqin

Qozog‘iston ikkinchi marta butun mamlakat bo‘ylab qat'iy karantin choralari joriy etgan dunyodagi ilk mamlakat bo‘ldi.

5 iyul kunidan shaharlarda jamoat transporti harakati cheklandi, fuqarolarga ko‘chada 3 kishidan ko‘p bo‘lib yurish taqiqlandi. Shuningdek, go‘zallik salonlari, kafe va restoranlar, oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlar, sport muassasalari va savdo markazlari yopildi, ommaviy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat yo‘q. Karantinni buzganlarga yirik jarimalar solinadi.

Shu bilan birga, xalqaro aviaqatnovlar to‘xtatilmagan, hududlar orasida erkin harakatlanish mumkin.

Butun respublika bo‘ylab to‘liq karantin joriy etilishi haqida mamlakat prezidenti Qosim Jo‘mart-To‘qayev 1 iyul kuni tvitteri orqali e'lon qilgandi. U aks holda avgust oyida bir kunda qayd etiladigan holatlar soni 27 mingga chiqishi xavfi borligini ma'lum qilgandi.

Qozog‘istonda avvalgi karantin 16 martdan 11 mayga qadar amalda bo‘lgandi. Yangisi hozircha ikki haftaga joriy etilgan. Ammo Qozog‘istonda karantin choralari yumshatilishni boshlanganidan buyon kasallanish holatlari soni 5 barobardan ko‘proq o‘sdi - 9 mingdan 49,6 mingga. Ayni vaqtda shifoxonalarda davolanayotganlar soni (aktiv keys) 20 mingga yaqinlashgan. 11 maygacha 32 o‘lim qayd etilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu son 264taga yetgan.

Mamlakatda 2 iyuldan yangi holatlar soni keskin o‘sib ketdi - 1 iyul kuni 944 kishida kasallik aniqlangan bo‘lsa, bir kun o‘tib bu miqdor 1509taga yetdi. Keyingi 4 kunda ham kunlik o‘sish 1400-1600 orasida bo‘lmoqda.

Karantin choralari 1 avgustgacha joriy etilgan, zarurat bo‘lsa karantin yana uzaytiriladi.

Qozog‘istonliklar koronavirus testlari barcha kasallarni aniqlamayapti deb hisoblamoqda Foto: Reuters

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 63,5 mingdan oshgan (so‘nggi  bir kunda 1759ta yangi holat), 375 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan, so‘nggi 5 kunda jami 111 o‘lim qayd etilgan. Ammo haqiqiy raqamlar bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Masalan, koronavirusga testdan manfiy natija olinganda, pnevmoniya holatlarini koronavirusdan alohida hisoblash amaliyoti mutaxassislarda savollar paydo qilmoqda.

Rasmiylarning ma'lum qilishicha, yilning 6 oyida pnevmoniya holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 55 foizga ko‘p bo‘lgan va qariyb 100 ming holatga teng bo‘lgan. Bu vaqtda Xitoyning Qozog‘istondagi elchixonasi bayonot bilan chiqib, xitoyliklarni Qozog‘istonda «koronavirusdan ham xavfliroq» noma'lum pnevmoniya tarqalgani to‘g‘risida ogohlantirdi.

Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Qozog‘istonda tarqalgan «noma'lum» pnevmoniya koronavirus bo‘lishi mumkinligini ma'lum qildi. JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayanning fikricha, mavjud holatlarda «shunchaki noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan».

Uning qo‘shimcha qilishicha, JSST Qozog‘iston hukumati bilan birgalikda kasallik koronavirus belgilariga mos kelish-kelmasligini o‘rganish maqsadida pnevmoniyaga chalinganlarning rentgen tasvirlarini tekshirmoqda. «Sog‘liqni saqlash organlari soxta salbiy testlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish maqsadida o‘tkazilgan test hamda sinovlar sifatini tekshiradi», degan Rayan.

Aida Jyeksenning koronavirusga topshirgan birinchi testi musbat natija bergan, ammo bir hafta o‘tib - manfiy.

«Men shifokorlardan nega bundayligini so‘radim, ularning aytishicha, birinchi kunlarda burun va tomoqdan surtma olishgan va virus o‘sha joyda bo‘lgan. Keyin infeksiya o‘pkaga tushadi, ikkinchi namuna balg‘amdan olinishi kerak, lekin yana burun va tomoqdan olinadi, bu vaqtda u yerda virus qolmagan bo‘ladi. Shuning uchun, pnevmoniyaga chalinganlarda manfiy natija chiqmoqda, chunki tibbiy xodimlar balg‘amdan namuna olishni istashmayapti», deydi bemor.

Koronavirusga topshirgan testi natijasi manfiy chiqqan, lekin pnevmoniyaga chalingan tibbiyot xodimi Gulyaning (ismi iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) so‘zlariga ko‘ra, hukumat koronavirus bemorlari sonini kamaytirib ko‘rsatish uchun statistikani turli toifalarga ajratmoqda.

«Ular kasallanish holatlari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘lishimizni istashmaydi, tamom vassalom. Ularga farqi yo‘q […] Axir koronavirusga qarshi kurashishdan ko‘ra, statistikani o‘zgartirish osonroq», deya fikrini bildirgan u.

Ammo bu statistika o‘yinlari tufayli odamlar jabrlanmoqda, deya xavotirini bildiradi Gulya. Uning kompyuter tomografiyasi kovid belgilarini ko‘rsatganiga qaramay, unga shifoxonaga yotishga hojat yo‘qligini aytishgan.

Natijada bemorlar zarur tibbiy yordamlarni ololmayapti.

Bir necha oy oldin mamlakat aholisi pandemiyaga ishonqiramay qaragan bo‘lsa, bugungi kunda vaziyat tubdan o‘zgargan. Chatlar va ijtimoiy tarmoqlar qayerda dori-darmon sotib olish yoki kompyuter tomografiyasi qildirish mumkinligi haqidagi muhokamalar bilan to‘lgan. Kimdir osma ukol tavsiya qiladi, kimdir issiq o‘lchagich izlaydi. Deksametazon, saturatsiya yoki PZR (polimeraz zanjir reaksiyasi) kabi dorilar va tibbiy atamalar - kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan.

Qozog‘istondagi dorixonalar oldida uzun navbatlarni ko‘rish mumkin Foto: Reuters

Odatiy dorilar, masalan, paratsetamol, bugungi kunda butun Qozog‘iston bo‘ylab defitsitga aylangan. Ko‘ngillilar tomonidan olib borilgan ta'minot bo‘yicha monitoring shuni ko‘rsatdiki, Olmaota oblastidagi ko‘plab dorixonalar bir oydan beri koronavirusdan davolashda qo‘llanadigan dorilarni qabul qilishmagan, holbuki bunday dorilar omborxonalarda saqlanmoqda.

Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tekshiruv o‘tkazish va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi, davlat tibbiy muassasalarini jihozlash va dori-darmon yetkazib berish, shuningdek, mamlakatga kirib kelayotgan insonparvarlik yordamlarini tarqatishga mas'ul bo‘lgan «SK-Farmatsiya» kompaniyasi rahbariyatini ishdan bo‘shatdi.

Og‘ir ahvoldagi bemorlar ko‘payishi tufayli shifoxonalarda joy qolmagan. Ikki kunlik davolanishdan keyin Aida Jyeksenni vaqtincha statsionarga o‘tkazishgan - bunday tibbiy markazlar kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni karantinda saqlash uchun tashkil qilingan.

Nur-Sultondagi besh yulduzli «Ramada Plaza» mehmonxonasi ham karantin uchun qayta jihozlanib, vaqtinchalik statsionarga aylantirilgan.

«Har bir xonada 4-5tadan temir karavot joylashtirilgan. Birinchi kuni davolashmadi, chunki ularga kasallik tarixi yuborilmagandi. Menga dori ham berishmadi - 10 soat mobaynida qusib chiqdim. Men juda qattiq holsizlangandim, nafas olish qiyinlashgandi. O‘lishim aniq deb o‘ylagandi», deya eslaydi Jyeksen.

«U yerdagi odamlar kechasi bilan baqirib chiqishadi, bo‘g‘ilishadi, yo‘talishadi. Bir haftadan keyin javob berishdi va yana bir hafta davomida antibiotiklar ichishimni tayinlashdi. Ulardan so‘radim: sizlar berasizlarmi? Ular aytishdi: ruxsat yo‘q. Men qayerdan topaman dedim. Bu ularning muammosi emasligini aytishdi», deya davom etadi u.

Shaxsiy himoya vositalari barcha shifokorlarga ham yetmayapti Foto: Reuters

Shifoxonalardagi vrachlar ham og‘ir sharoitlarda misli ko‘rilmagan yuklama bilan og‘ir sharoitlarda ishlashmoqda. Shaxsiy himoya vositalari yo‘qligi tufayli Qo‘stanay shahri shifoxonasida uch nafar shifokor ishga chiqishdan bosh tortgan.

Shifokorlardan biri - Roman Lavrinenko - ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan videosida unga qanday himoya kiyimlari berilganini ko‘rsatdi.

«Bizda steril kostyumlar yo‘q. Mana yuvilgan bir martalik kostyumlar, unga «sanitarka» deb yozilgan», deydi u videoda.

Video tarmoqda tarqalishi ortidan shifokorlar ishdan chetlatildi, kasalxona bosh shifokori esa ularni navbatchilikni ruxsatsiz tark etishda aybladi.

«Biz o‘zimizcha ketmadik, ishlashdan bosh tortdik. Chunki bunday sharoitda ishlash chindan ham juda xavfli. Men ham avvaliga bu koronavirus xavfiga shubha bilan qaragandim. Ammo bularning barchasini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, bemorlarning suratlari, kompyuter tomografiyalari, kasallik tarixlarini ko‘rganimdan keyin bu qanchalik xavfli ekanini tushundim. Shuning uchun zarur sharoitlar yo‘q deb hisoblayman. Bunday xavfli sharoitlarda ishlash juda qo‘rqinchli», deya o‘z harakatlarini izohlagan u.

«Bizga juda katta yuklama bo‘ldi. Kasallar bilan to‘lgan butun statsionarga ikki shifokor. Bu yer 250 kishiga mo‘ljallangan. Dorilar yetishmaydi, hamshiralar kam, ularga ham yuklama ko‘p», deya davom etadi u.

Jamoatchilik bemorlar va shifokorlarga yordam ko‘rsatish uchun qator tashabbuslarni ilgari surishmoqda - shaxsiy himoya vositalaridan tortib, dori-darmongacha pul yig‘ish ishlari boshlangan.

Gaz sanoati texnologiyasi sohasida tadbirkor bo‘lgan Yerlan Nurpeisov Olmaotada o‘rtacha og‘irlikdagi bemorlar uchun kunduzgi kasalxona tashkil etish tashabbusini bildirgan.

«Bunday bemorlarni statsionarlarga qabul qilishmayapti, chunki shifoxonalar birinchi navbatda og‘ir ahvoldagilarni qabul qiladi», deya izoh beradi Nurpeisov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamisha ham poliklinikalar bunday bemorlarga qarash uchun odam jo‘natavermaydi. Ular asosan uyda o‘z kuchi bilan davolanadi, lekin bundaylarning ko‘pchiligining ahvoli yomonlashadi va ularni shifoxonaga olib ketishga, hatto jonlantirish bo‘limiga yotqizishga to‘g‘ri keladi.

Hozirda tibbiy xodimlarni yig‘ish va joy izlash ishlari ketmoqda.

«Agar biz shunday kasalxonalarni yetarli miqdorda ocholsak, shifoxonalarga og‘ir ahvoldagi bemorlar oqimini to‘xtatishimiz mumkin. Shu tariqa, davlat sektoriga yuklamani ham, o‘lim darajasini ham pasaytirishimiz mumkin», degan u.

Mavzuga oid