«Sulton Tex Group» Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev va Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayevni sudga berdi
Qarshi tumanida paxta yetishtirish klasteri bilan shug‘ullanuvchi «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlar ustidan Qibray tuman ma'muriy sudiga shikoyat arizasi kiritdi.
«Sulton Tex Group» xususiy korxonasi va Qarshi tuman hokimligi o‘rtasidagi nizo hamon davom etmoqda.
Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi Qibray tuman ma'muriy sudiga Bosh vazirning agrar va oziq ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari buyicha o‘rinbosari – Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati va salohiyatini baholash bo‘yicha Respublika Ishchi guruhi rahbari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlarning Vazirlar Mahkamasida 2020 yil 8 aprelda o‘tkazilgan yig‘ilishga «Sulton Tex Group» xususiy korxonasining qonuniy manfaatlarini buzadigan asoslantirilmagan ma'lumot taqdim etish bilan bog‘liq va yig‘ilish bayonida korxonaga biriktirilgan paxta tozalash zavodining bino va inshootlarini qaytarish, korxonasining paxta to‘qimachilik klasteri faoliyatni to‘xtatish va o‘rnida fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi tashkil etish to‘g‘risida qaror qilinishi bilan bog‘liq korxonaning qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlarini qonunga xilof deb topish haqida shikoyat arizasi kiritgan.
Ushbu ma'lumotlarni Qibray tuman ma'muriy sudi mas'ullari tasdiqladi.
Dastlabki sud majlisi shu yilning 9 iyul kuni Qibray tuman ma'muriy sudida bo‘lib o‘tgan. Sud majlisi javobgarlarning hech biri sudda ishtirok etmagani sababli shu yilning 16 iyul kuni soat 11:00ga qoldirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “SULTON TEX GROUP” xususiy korxonasining Qarshi tumanidagi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri faoliyati Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev tomonidan 2020 yil 8 aprel kuni imzolangan yig‘ilish bayoniga asosan tugatilgandi.
Keyinchalik, Qarshi tuman ma'muriy sudi Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020 yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘yilgandi.
Hozirda sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan Qarshi tuman prokurori tomonidan protest kiritilgani va ish Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda.
Mavzuga oid
14:59
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
15:45 / 21.11.2024