O‘zbekiston | 18:15 / 16.07.2020
9226
6 daqiqa o‘qiladi

«Statistika kamaytirib ko‘rsatilmayapti» - Navoiy viloyati hokimi aholiga murojaat qilib, savollarga javob qaytardi

Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov televideniyeda to‘g‘ridan to‘g‘ri efir orqali viloyat aholisiga murojaat qildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga kelgan savollarga javob berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Videodan kadr

Qobil Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda qariyb 1 million nafar aholiga 166ta davolash profilaktika va yordamchi muassasalar tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Xususiy sektorda 184ta tibbiyot muassasalari faoliyat yuritmoqda.

Viloyatda shu kungacha 362 nafar bemorda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bo‘lib, joriy yilning 16 iyul kunigacha ulardan 310 nafari to‘liq tuzaldi. 52 nafar bemorlar esa viloyatdagi 5ta tibbiyot muassasasida davolanmoqda.

Ayni paytda 1240 nafar fuqaro uy karantiniga olingan va 60ga yaqin kishi birlamchi aniqlangan bemor sifatida uy sharoitida davolanmoqda. Olib borilgan barcha profilaktik-davolash jarayonlariga qaramasdan 3 nafar o‘ta og‘ir bemorda o‘lim holati ham kuzatilgan.

Virus tarqalishining oldini olish hamda kasallanishlarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida 5 iyuldan boshlab, viloyatda Germaniyada ishlab chiqarilgan test diagnostikumlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatning barcha shahar va tumanlar SEOMlarida kuniga o‘rtacha 1200dan 1500gacha test uchun namunalar olish imkoniyati borligi aytildi.

5 iyuldan boshlab viloyat SSB huzurida koll-markazi (79-220-47-65) faoliyati qaytadan tashkil etilib, mutaxassis vrachlarining tun-u kun navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi.

Qobil Tursunov ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yoki aholi orasida viloyatda pandemiya bilan bog‘liq statistik ma'lumotlar va mavjud holat to‘g‘risida noxolis axborotlar tarqatilayotganini ta'kidladi.

U AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda «Nima sababdan Navoiy viloyatida kasallanganlar soni juda ham ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, mutasaddi vakillar kasallanganlar to‘g‘risidagi statistikani kamaytirib ko‘rsatmoqda?» mazmunidagi savol o‘rtaga tashlanganiga urg‘u berdi.

«Mazkur savolga RSEN davlat inspeksiyasi boshlig‘i N.Otabekov javob berar ekan, shu kungacha viloyatlarda kasallanish va koronavirusdan o‘lim darajasi bo‘yicha berilayotgan statistik ma'lumotlar xalqdan xech narsani yashirmasdan aniq, haqqoniy, shaffof holda berilayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, Navoiy viloyatidagi holat bo‘yicha tarqalayotgan xabarlar ham noo‘rin va yolg‘on ma'lumot ekanligi qat'iy ta'kidlandi.

Shunday ekan, ortiqcha sarosimaga berilmasdan, og‘ir-vazminlik bilan, har qanday mish-mish va asossiz ma'lumotlarga ishonmasliklaringizni so‘ragan bo‘lardim», — dedi Tursunov.

«Yana bir jihatni alohida ta'kidlash lozimki, so‘nggi paytlarda aholi orasida sodir bo‘layotgan har qanday o‘lim holatlarini ham koronavirus bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri va asossizdir. Fuqarolarda avvaldan davom etib kelayotgan turli surunkali yoki hamroh kasalliklar tufayli vafot etish kuzatilganda ham ko‘r-ko‘rona noxolis va yolg‘on xabarlar tarqatish mening nazarimda, nafaqat millatimizga, balki insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi.

Bundan tashqari, ba'zi holatlarda aksariyat yurtdoshlarimiz turli ishonchsiz manbalarda e'lon qilinayotgan davolanish usullariga ishonib, o‘z sog‘liklarini xavf ostiga qo‘yishmoqda. Ya'ni, shifokor mutaxassislar rasman tavsiya qilmagan, belgilangan sinov tajribalarda kuzatilmagan qimmat dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish yanada og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.

Har qanday davolash profilaktikasini tajribali shifokorlar bilan albatta maslahatlashish shart», — degan Navoiy viloyati hokimi.

«Karantin qoidalariga amal qilmagan fuqarolar va ularga qo‘llanilgan jarimalar haqida ko‘proq ochiq ma'lumotlar berib borilsa bo‘ladimi yoki bu ma'lumot sirmi? Shu kabi ma'lumotlar berilsa, aholi yana ham sergak tortib, kamroq ko‘chaga chiqarmidi?» — degan savolga javob bera turib, Qobil Tursunov o‘tgan 4 oy davomida viloyat miqyosida 8711 fuqaroga nisbatan ma'muriy bayonnomalar tuzilib jarima qo‘llanilgani, bunda eng ko‘p jarima Navoiy shahrida — 1934 nafar, so‘ngra Zarafshon shahrida — 1513 nafar fuqaroga nisbatan qo‘llanilganini aytdi.

«Virus yuqtirganlar endi o‘z uyida mustaqil ravishda davolanar ekan, qabilida mish-mishlar yuribdi. Bu qay darajada asosli? Bu kasallikning ko‘payib ketishiga olib kelmaydimi yoki xavfli emasmi?» — deb berilgan savolga viloyat hokimi shunday javob berdi:

«Aslida, ortiqcha vahimaga hojat yo‘q. Zero, Ibn Sino aytganlaridek, «Vahima qilish yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘liqdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir».

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 10 iyuldagi qaroriga muvofiq, bundan buyon mutaxassislar tomonidan koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar uch toifaga ajratilmoqda: kasallikning yengil, o‘rta va og‘ir kechayotgan turlari.

Shu bois, 5 iyuldan boshlab Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, bemorlarni davolashning yangicha tartibi joriy etildi: kasallik yengil kechayotgan shaxslar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishi mumkin.

Ularda 10 kun davomida klinik belgilar kuzatilmasa nazoratdan chiqarish amaliyoti qo‘laniladi. Shuningdek, tasdiqlangan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlarga 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehmonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi».

Mavzuga oid