O‘zbekiston | 00:05 / 16.07.2020
55187
6 daqiqa o‘qiladi

Yana 4 o‘lim qayd etildi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 70dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun O‘zbekistonda yana 4 o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar berdi. Endilikda jami o‘limlar soni 71tani tashkil etmoqda.

Birinchi o‘lim. Toshkentda 66 yoshli bemor o‘tkir nafas, surunkali buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.

Chilonzor tumanida yashovchi 66 yoshli I.I.da (erkak) joriy yilning 5 iyulida hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan. 

Ammo ahvoli og‘irlashavergach, 8 iyul kuni tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota tuman ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygani sababli reanimatsiya bo‘limiga  yotkizilgan. Unga Covid-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kechgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, qandli diabet, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi kabi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan 37 yoshli bemor o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Pskent tumanida yashovchi, 37 yoshli M.M.da (erkak) joriy yil 3 iyulda hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan. 

Ammo ahvoli og‘irlashavergach, shu yilning 9 iyulda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. 

12 iyul kuni esa bemorda o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi belgilari boshlangan va sun'iy nafas olish  apparatiga ulangan. Unga “COVID-19” infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan. 

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahrida 36 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Olmazor tumanida yashovchi 36 yoshli Sh.A. tana harorati ko‘tarilishi, umumiy holsizlik sababli Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tibbiyot bo‘limi poliklinikasiga murojaat qilgan. 

Shundan so‘ng Covid-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va 13 iyul kuni kasallik  tasdiqlangan. 

Bemor Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tibbiyot bo‘limi poliklinikasi tomonidan tibbiy kuzatuvda bo‘lgan.

So‘nggi kunlarda  bemorning tana harorati tushmagan. U o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Surxondaryo viloyatida 48 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent tumanilik  48 yoshli Sh.N. joriy yil 24 iyunda xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib, tana harorati ko‘tarilganligi va  holsizlik sabab  viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot bo‘limiga murojaat qilgan. 

Unda Covid-19 infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat shifoxonasiga yotqizilgan. Bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgan.

Unga Covid-19 infksiyasi va  ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, yurak ishemik kasalligi, surunkali bronxit tashxisi qo‘yilgan. 

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiyalar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shu yilning 14 iyul kuni uning  ahvoli keskin og‘irlashgan. Reanimatsiya bo‘limi shifokorlarining muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir  va nafas yetishmovchiligidan  vafot etgan.

Bundan avvalroq, Ichki ishlar vazirligining ikki xodimi - 36 yoshli A.Sh va 48 yoshli Sh.N koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi. Endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu o‘lim holatlarini tasdiqladi.

Davlat xizmatlari agentligi xodimi ham koronavirusdan vafot etgani ma'lum qilindi. SSV hozircha bu o‘lim holatini rasman qayd etmadi.

Shu vaqtgacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 45, Buxoro, Surxondaryo va Namanganda 4, Jizzax, Samarqand va Navoiyda 3tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi. Hozirga qadar faqat Andijon va Sirdaryo viloyatlaridagina virus qurbonlari qayd etilmadi.

Mavzuga oid