O‘zbekiston | 20:57 / 20.07.2020
4168
2 daqiqa o‘qiladi

1 yanvargacha elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri yaratilishi rejalashtirilgan

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 iyuldagi «Elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatda belgilanishicha, 2021 yil 1 yanvarga qadar elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri yaratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu reyestrga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, qo‘mitalar, agentliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik birlashmalarining axborot tizimlari va axborot resurslari kiritiladi.

Shu bilan birga, «Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri» axborot tizimi modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirilishi belgilangan.

Yagona reyestrining ishga tushirilishi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, axborot resurslari, ma'lumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarining hisobini yuritish, ularni yaratish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi monitoringini yuritish hamda funksional vazifalari takrorlanadigan axborot tizimlarini ishlab chiqishning oldini olish va ularni ishlab chiqish bo‘yicha ortiqcha xarajatlarini qisqartiradi.

Mazkur qaror bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalarini integratsiya qilish orqali «Ma'lumotlarni boshqarish» axborot tizimini joriy qilish ham nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu tizim orqali davlat organlari va tashkilotlari ma'lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish tartibi belgilangan. Qayd etilishicha, bu tizim davlat organlari va tashkilotlaridan olinadigan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni onlayn ravishda avtomatik shaklda umumlashtirish, tahlil qilish va kelgusida prognozlash imkonini beradi.

Mavzuga oid