Jahon | 18:24 / 21.07.2020
154346
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi koronavirusga qarshi vaksina tayyorligini ma'lum qildi. Nega bu yolg‘on bo‘lib chiqishi mumkin?

Rossiyaning COVID-19’ga qarshi vaksinasi tayyor, deya ma'lum qildi mamlakat mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ruslan Tsalikov. Bu noo‘rin bayonot bo‘lib, gap faqat klinik sinovlarning birinchi bosqichi tugagani haqida ketmoqda, dedi Forbes’ga izoh bergan ekspertlar, buni Sog‘liqni saqlash vazirligi ham tasdiqladi.

Foto: DMITRY ROGULIN/TASS

Nima ro‘y berdi. Rossiyaning COVID-19’ga qarshi birinchi vaksinasi tayyor, deya xabar berdi mamlakat mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ruslan Tsalikov. «Ko‘ngillilarga javob berish paytida, koronavirusdan immunitet olgan ularning barchasi o‘zini yaxshi his qildi. Shu tariqa, yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi mahalliy vaksina tayyor», - dedi u «Argumenti i fakti» gazetasiga bergan intervyusida. Sinovlarda ikkita ko‘ngilli guruh qatnashdi, birinchi guruhga 15 iyul kuni, ikkinchi guruhga 20 iyul kuni javob berildi. Tsalikovning so‘zlariga ko‘ra, sinovlar natijalari mutaxassislar va Milliy tadqiqot markazi (akademik Gamaleya) olimlari tomonidan yakuniy tarzda baholandi.

Nima uchun bu muhim. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga qarshi 141ta vaksina ishlab chiqilmoqda, 16tasi klinik sinov bosqichida. Taxminlarga qaraganda, vaksina - yangi koronavirus pandemiyasini to‘xtatishning eng ishonchli usuli. Dunyo kompaniyalari vaqti-vaqti bilan o‘z vaksinalarining klinik sinovlari bo‘yicha natijalarni e'lon qilyapti, ushbu xabarlar tufayli ularning aksiyalari, so‘ngra butun bozor, xabarning mazmuniga qarab ko‘tarilmoqda yoki tushib ketmoqda.

Nimasi shubhali. «Hozirda N. F. Gamaleya nomidagi Mikrobiologiya va epidemiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan vaksina klinik sinovlarining II bosqichi davom etmoqda va yakuniy bosqichda turibdi, - dedi Forbes’ga mamlakat sog‘liqni saqlash vazirining yordamchisi Aleksey Kuznetsov. - Yakunda uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tegishli guvohnoma berish masalasi hal qilinadi». Shundan so‘ng vaksina muomalaga kiritiladi, deya xabar berdi Kuznetsov Forbes’ga.

«Hozircha Gamaleya markazining vaksina haqidagi xabarlari vaksinaning xavfsizligi va immunogenligi sinovdan o‘tkaziladigan klinik sinovlarning birinchi bosqichiga taalluqlidir, - deydi ATEM Capital bosh hamkori va asoschisi Anton Gopka. - Hech qanday ma'lumotlar e'lon qilinmadi. Dastlabki axborotga ko‘ra, 38 nafar ko‘ngillida og‘ir asoratlar bo‘lmagan, ammo emlanganlar orasida yuqori isitma va nizoli vaziyatlar qayd etilgan. Hozircha matbuot uchun xabarnomalarda barcha ko‘ngillilar to‘liq immunitetga ega bo‘lgani to‘g‘risida iddaolar mavjud, xolos».

Harbiy xizmatchilarning klinik sinovlarda ishtirok etayotganligi vaksina va u bo‘yicha ma'lumotlarning ishonchliligiga salbiy ta'sir qiladi, deya ogohlantirdi ekspert. Asoratlarning soni va sinfi haqida batafsil ma'lumotlar, shuningdek, vaksinaga hujayrali va gumoral immunitet reaksiyasi to‘g‘risidagi axborot oshkor etilishi kerak va ikkinchi bosqichda vaksinaning klinik samaradorligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishi lozim, deya qo‘shimcha qildi Gopka.

«Vaksina organizmni antitanachalar ishlab chiqarishga majburlay olishi juda yaxshi, - deydi «Atlas» biotibbiyot xoldingi ijrochi direktori Aleksandr Karasev. - Ammo, ular koronavirus bilan kasallanishning oldini olishi mumkinmi yoki yo‘qligi hozircha noma'lum. Bundan tashqari, antitanachalar mavjud bo‘lsa ham infeksiyani qayta yuqtirish haqida dalillar mavjud, shuning uchun xuddi grippga o‘xshab har yili yangi emlash kombinatsiyalarini tanlab olish kerak bo‘ladi». Immunitet qanchalik barqaror ekani ham noma'lum: buning uchun klinik sinovlarning keyingi bosqichlari talab qilinadi, deydi BestDoctor tibbiyotni rivojlantirish departamenti boshlig‘i, terapevt Yuliya Tkachenko.

Kuzda vaksinani, shu jumladan chet elda ham tarqatishimiz mumkin, deyishga hali erta, deb ogohlantirdi Karasev: «Bizning klinik sinovlar o‘tkazish qoidalari boshqa mamlakatlardagiga qaraganda ancha sodda. Shuning uchun uni faqat Rossiya bozorida qo‘llash mumkin bo‘ladi, bu Yevropa yoki AQShda amalga oshmasligi ehtimolga yaqin».

Kontekst. Yaqinda Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitriyev 2020 yil oxiriga kelib Gamaleya nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaksinani 200 million doza hajmida ishlab chiqarish mumkinligini e'lon qildi. Rossiyada koronavirusga qarshi jami 47ta vaksina ishlab chiqilmoqda, degandi mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova 20 may kuni. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu esa ulardan bittasining klinik sinovlari iyun oyida yakunlanishini ta'kidladi.

Bundan tashqari, Rossiya Oksford olimlari AstraZeneca bilan hamkorlikda ishlab chiqayotgan vaksinani ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu bilan «R-Farm» kompaniyasi shug‘ullanadi, dedi Dmitriyev. Shu tarzda, u Buyuk Britaniyaning rus xakerlari vaksinani ishlab chiqish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘g‘irlashga uringani haqidagi ayblovlariga javob berdi.

AstraZeneca iyun oyida ishlab chiqarish boshlanganini e'lon qildi, ammo klinik sinovlar faqatgina kuzda yakunlanishi rejalashtirilgan. Sinov tezligi jihatidan AstraZeneca klinik sinovlarning uchinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Modena’dan oldinda. Dmitriyevning ta'kidlashicha, rus vaksinasi bozorga birinchi chiqishi va eng samarali bo‘lishi mumkin. Kuni kecha Bloomberg Rossiya elitasining ba'zi vakillari klinik sinovlar tugashini kutmasdanoq virusga qarshi emlanganligi to‘g‘risida yozdi. Ular orasida avvalroq iyun oyining o‘rtalarida, ko‘ngillilar qatorida emlanganligini aytgan Kirill Dmitriyev ham bor.

Mavzuga oid