O‘zbekiston | 22:46 / 21.07.2020
48524
6 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto Motors» tez yordam uchun sotib olinayotgan «Damas»lar masalasida Rasul Kusherbayevga javob qaytardi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Telegram'dagi kanalida O‘zbekistonda pandemiya tufayli kechayotgan og‘ir vaziyat va shunday paytda ham tez yordam uchun avtomobillarini qimmat narxda sotishda davom etayotgan «O‘zavtomotors»ga jiddiy e'tirozlarini bayon qilgandi.

«UzAuto Motors» kompaniyasi deputatning bu chiqishiga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi.

«Kecha go‘yoki «UzAuto Motors» kompaniyasi tez yordam uchun avtomobillarni oshirilgan narxlarda sotayotgani haqida balandparvoz bayonot bergan deputat Kusherbayev madaniy muloqot doirasidan chetga chiqdi, zero mavzudan bexabar o‘quvchi uchun bamisoli kompaniyamiz mavjud vaziyatda narxlarni atayin oshirayotgandek bo‘lib ko‘rindi. Tabiiyki, bu gap haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi va «UzAuto Motors», ayrim siyosatchilar uchun populizm asosiy, ba'zida esa, yagona qurol bo‘lishini yaxshi tushungan holda, Rasul Xidraliyevichning ayblovlarini bandma-band tahlil etishga tayyor.

Janob Kusherbayev «UzAuto Motors» COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan O‘zbekistonda yuzaga kelgan og‘ir vaziyatni e'tiborga olmayotir, deya da'vo qiladi. Biroq, biz professional jurnalist o‘zi aytayotgan so‘zlarining mohiyatini chuqurroq anglashi, tajribali parlamentariy esa, so‘zlarining mas'uliyatini yaxshiroq his qilishi lozim ekanligiga aminmiz. Aftidan, deputat uchun bu – o‘z shaxsini butun tarmoqqa qarshi qo‘yish hisobiga auditoriya qamroviga osonroq erishishga qaratilgan oddiy xabar bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘z saylovchilariga bo‘lgan oddiy hurmat ham ularga tekshirilgan axborot taqdim etishni nazarda tutadi. Afsuski, bayonotdagi deputat so‘zlarida haqqoniylikdan asar ham yo‘q.

Nafaqat «UzAuto Motors», balki kompaniya xodimlari ham, hamkorlari ham pandemiyaning birinchi kunlaridan koronavirusga qarshi kurashda faol qatnashib kelmoqda. To‘g‘ri, ehtimol, kompaniya o‘zining xayriya aksiyalarini ko‘z-ko‘z qilmayotgandir, biroq bu hech bir siyosatchiga tarmoq korxonalarining va ularda ishlayotgan o‘n minglab xodimlarning umumiy kurashga qo‘shayotgan hissalarini kamsitish huquqini bermaydi.

Xayriya ishlaridagi ulushlari haqida gapirish kompaniya odatlariga kirmaydi, ammo Rasul Kusherbayev o‘zining haqoratomuz posti bilan ularni yodga olishga majbur qilmoqda: «O‘zavtosanoat» AJ va uning tuzilmaviy bo‘linmalari birinchilardan bo‘lib «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoatchilik fondiga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘tkazdi. Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida kompaniya respublikaga xorijiy hamkorlaridan 2 milliard so‘mlik tibbiyot jihozlarini keltirish tashabbuskori bo‘ldi. Yana 2 milliard so‘mga teng mablag‘ tarmoq korxonalari tomonidan Sardoba suv ombori yorilishi va Buxoro viloyatidagi to‘fondan zarar ko‘rganlar foydasiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, tarmoq tomonidan hokimiyat idoralariga, karantin muassasalarining qurilishi uchun O‘SV apparatlari va 2500 ta konteyner beg‘araz taqdim etildi. Qolaversa, epidemiyaning ilk kunlarida, hali maxsus karantin markazlari yaratilmagan paytda, «O‘zavtosanoat» AJ Hojikentdagi «Lochin» idoraviy sog‘lomlashtirish oromgohini yuzlab insonlarni karantinga joylash uchun taqdim etdi va ularning to‘liq ta'minotini zimmasiga oldi. Mana shular va boshqa ko‘plab faktlardan keyin ham, kompaniya vatandoshlar tashvishlariga bee'tibor, deb da'vo qilish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Hurmatli O‘zLiDeP fraksiyasining a'zosi o‘zining «UzAuto Motors» tomon og‘zaki hamlasiga tasdiq o‘laroq, juda qiziq misol keltiradi – Farg‘ona viloyati hokimligi 20 dona yangi Damas avtomobilini xarid qilganini aytadi. Bu bilan janob Kusherbayev aynan nima demoqchi bo‘lgani unchalik tushunarli emas. Agar bu tez yordam ehtiyojlari uchun avtomobillar bepul berilishi kerakligiga sha'ma bo‘lsa, unga, har qalay, o‘tgan haftaning o‘zida UzAuto Motors mutlaqo bepul asosda Andijon viloyati hokimligiga olti dona Damas tez yordam avtomobilini taqdim etganligini aniqlashtirish qiyinchilik tug‘dirmagan bo‘lardi. Aftidan, bu haqda barcha OAVlarda e'lon qilinmagani xato bo‘lgan ko‘rinadi, lekin kompaniya umumiy ofat paytida bunday ishlarni ko‘z-ko‘z qilishni to‘g‘ri deb hisoblamaydi.

Balki, Rasul Xidraliyevich tez yordam ehtiyojlari uchun barcha avtomobillar beg‘araz yetkazib berilishini istar? Ammo, Qonunchilik palatasining hurmatli deputati ilgari surayotgan bu g‘oya munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasining «Homiylik to‘g‘risida»gi Qonunining ayrim me'yorlarini eslatib o‘tishni xohlar edik. Unga ko‘ra, ustav fondida davlat ulushi 50%dan ortiq bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning homiylikka yillik xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 10 foizidan oshmasligi kerak. Shu munosabat bilan, birinchi yarim yillikning o‘zida xayriya maqsadlariga 37 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirgan «UzAuto Motors», ming xohlamasin, ushbu chegarani bosib o‘ta olmaydi.

«UzAuto Motors» o‘z xayriya faoliyatida siz ishlab chiqqan qonunlarga tayansa, siz joriy qilgan cheklovlar doirasida ish ko‘rsa, nega endi ta'na aynan siz tomondan yangramoqda?» – deyiladi kompaniyaning Telegram`dagi sahifasida e'lon qilingan rasmiy relizda.

Mavzuga oid