Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ramzan Qodirovning tanqidchisi bo‘lgan chechen Avstriyada o‘ldirilgandi. Bir guruh chechenistonliklar qotillikni zimmalariga olishdi
Mamixan Umarovning o‘ldirilishi ko‘pchilikning muhokama markazida bo‘ldi. Ramzan Qodirov va uning otasini haqorat qilgan chechen blogeri Avstriyada o‘z qarindoshlari tomonidan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.
4 iyul kuni Avstriya poytaxti Vena shahrida chechen millatiga mansub shaxs noma'lum qotil tomonidan o‘ldirilgan. Marhum Rossiya fuqarosi bo‘lgan va Avstriyada siyosiy qochoq maqomida yashab kelgan. Hodisadan bir necha soat o‘tgach, Avstriyaning yana bir shahri Linsda ushbu suiqasdda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingan.
Oe24 nashrining Lins shahri politsiya mahkamasiga tayanib xabar berishicha, marhum chechen millatiga mansub Mamixan Umarov bo‘lgan. Shuningdek, qotillikda gumonlanib hibsga olingan shaxs ham chechen millatiga mansub bo‘lib, hibsga olish vaqtida qarshilik ko‘rsatmagan.
O‘zini Anzor deb atagan Mamixan Umarov Bek Martin nomi ostida Avstriya pasportiga ham ega bo‘lgan. Umarov Avstriyaga 2005 yilda ko‘chib o‘tgan.
Shu yilning fevral oyida ukrainalik jurnalist Vladislav Sidorenkoga bergan intervyusida Mamixan Umarov Chechenistonni tark etishiga uni ta'qib qilishgani sabab bo‘lganini aytgan edi. Uning bildirishicha, 1999-2000 yillarda Checheniston Rossiya tomonidan qayta egallangandan so‘ng bu yerda terrorchilar umuman qolmagan. Shundan so‘ng, hukumat Umarovga o‘xshaganlarga «ov» boshlagan. O‘shanda chorasiz qolgan Umarov 2005 yilda Chechenistonni tark etib, Avstriyaga ko‘chib o‘tgan.
Umarov Sidorenkoga u 2010 yildan buyon Avstriya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilib kelgani va o‘ndan ortiq buyurtma qotillik u orqali bajarilgani haqida aytgan. Xuddi shu intervyusida Umarov Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyotda qatnashgani haqida ham gapirib bergandi.
Uchta buyurtma qotillik
2014 yil dekabr oyida Radikal partiyadan Ukraina Oliy Radasi deputati etib saylangan Igor Mosiychuk Ramzan Qodirovning portretini nishonga olib o‘q uzganini videotasvirga oladi va unda tez orada bu respublikaga borishi hamda Checheniston rahbari bilan munosabatlarni oydinlashtirib olishi haqida gapiradi. Deputatning bu harakatiga izoh berarkan, Ramzan Qodirov «Aftidan, Mosiychukdan hamma charchagan va uni o‘rtadan olib tashlashni (ya'ni o‘ldirmoqchi) xohlab uni Qodirov o‘ldirtirdi deb aybni menga yuklashmoqchi», degan edi.
2020 yil fevral oyida Avstriyada Sidorenkoga bergan intervyusida bu hodisani eslar ekan, Mamixan Umarov shunday degan: «2015 yilda ukrainalik deputatning Qodirov portretiga o‘q uzib videotasvirga olishidan so‘ng menga Chechenistondan odamlar aloqaga chiqishdi. Ular mendan Igor Mosiychukni o‘ldiradigan odam topib berishimni so‘rashdi. Shuningdek, chechen millatiga mansub Adam Osmayev va uning rafiqasi Amina Okuyevani yo‘q qilishda ham yordam so‘rashdi. Chechenistonlik bu er-xotinlar Ukraina sharqidagi qurolli mojaroda Kiyev tomonida turib ayirmachilarga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgandi».
Umarov o‘z so‘zlariga dalil sifatida Sidorenkoga o‘zi bilan aloqaga chiqqan Checheniston fuqarosi yuborgan audioxabarlarni taqdim etgan. O‘shanda u bilan aloqaga chiqqan chechenistonlik shaxs chechen tilida «Eng muhimi, Amina va Adam Osmayevni yo‘q qilish zarur. Agar Adam va uning xotini Aminaga qo‘shib Qodirovga po‘pisa qilgan deputat ham yo‘q qilinsa, bu ajoyib ish bo‘lar edi», degan.
Audioyozuvda aloqaga chiqqan shaxs Umarovga yuqoridagi ish uchun «bir yarim» berilishini aytadi. Umarov Sidorenkoga bu summa bir yarim million yevro ekanini aytgan.
Mamixan Umarovning so‘zlariga ko‘ra, u o‘shanda darhol deputat Mosiychuk va Adam Osmayevga chechenistonlik shaxsning buyurtmasi haqida xabar bergan va audioyozuv hamda yozishmalarning skrinshotlarini ularga jo‘natgan.
Umarovning bu so‘zlarni yaqinda Igor Mosiychuk ham tasdiqladi. Deputatning aytishicha, o‘shanda Ukraina maxsus xizmatlari vaziyatni o‘z nazoratiga oladi.
Shundan so‘ng, chechenistonliklar bilan muzokaralar Ukraina maxsus xizmati xodimlari ishtirokida davom etadi va shartli soxta «qotil» yuqoridagi uch shaxsni o‘ldirish uchun ulardan 20 ming dollarni avans sifatida oladi. Mosiychukning bildirishicha, 2019 yilda ushbu ishni olib borgan xodimlar telefonlar va xabarlarga javob berishni to‘xtatadi va ishni «muzlatib» qo‘yadi. Uning fikricha, bu Ukrainada mamlakat rahbari o‘zgarishi bilan bog‘liq.
2017 yil oktabr oyida Igor Mosiychukka kutilmaganda suiqasd uyushtiriladi. Avtomobillar to‘xtash joyida qoldirib ketilgan skuterning portlashi ikki kishi halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Uch kishi, shu jumladan Mosiychukning o‘zi ham yaralanadi, ammo tirik qoladi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbariyati o‘sha paytda bu suiqasdga Checheniston rahbari Ramzan Qodirov aloqadorligini bildirgandi. O‘z o‘rnida, Checheniston rahbari o‘ziga qo‘yilgan ayblovga javob bergandi. «Mosiychukka o‘zlari suiqasd uyushtirishdi va unga meni nomimni bog‘lab shov-shuv ko‘tarishdi», degandi u.
2017 yilda Adam Osmayev va Amina Okuyevaga qarshi ketma-ket ikkita suiqasd sodir etiladi. Oqibatda birinchi suiqasdda omon qolgan Okuyeva ikkinchi suiqasdda o‘ldiriladi, Osmayev esa tirik qoladi.
Qodirovni tanqid qilish
2020 yil aprel oyida Mamixan Umarov Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga qaratilgan videomurojaat bilan chiqadi. Vena shahrida, Dunay daryosi ustidagi ko‘prikda turib yozilgan videomurojaatda Umarov Ramzan Qodirov va uning otasi Axmat Qodirovni haqorat qiladi hamda o‘zining telefon raqamini aytib, Checheniston rahbariga qo‘ng‘iroq qilsa, erkakchasiga gaplashib olishini aytadi: «Ko‘ryapsan, men yuzimni yashirmayapman, xohlagan odamingni jo‘nat».
2019 yilda Grozniy telekanalida qilgan chiqishida Ramzan Qodirov internetda o‘z sha'nini haqorat qiladiganlar haqida shunday degan edi: «Agar butun dunyo ko‘k olov ichida qolib, yonayotgan bo‘lsa ham, barcha mamlakatlarning qonunlarini buzib bo‘lsa-da, biz sharafimizni haqorat qiladiganlarni tirik qoldirmaymiz. Muqaddas Qur'on bilan qasam ichaman – tirik qoldirmaymiz».
O‘shanda Checheniston rahbari o‘z sha'niga qilinadigan haqoratni kechirmaslik uchun har qanday jazoga tayyorligini aytgandi. «Balki qamoqqa tashlashar, balki o‘ldirishar, allaqachon 45 yoshdaman, yashaydiganimni yashab bo‘ldim», degan edi Checheniston rahbari. Hozircha Mamixan Umarovning o‘ldirilishi masalasiga Ramzan Qodirov hech qanday munosabat bildirmadi.
Mamixan Umarovning o‘ldirilishi so‘nggi bir yil ichida Yevropada istiqomat qiluvchi chechenlarga qilingan to‘rtinchi suiqasd hisoblanadi. 2019 yil avgust oyida Berlinda millati chechen bo‘lgan Gruziya fuqarosi Zelimxon Xangoshvili otib o‘ldirilgandi. Xangoshvili ko‘p yillardan beri Germaniyada siyosiy qochoq maqomida yashagan. O‘shanda Xangoshvilining o‘limida gumon qilingan shaxs voqea joyi yaqinida ushlanadi. Joriy yil iyun oyida Germaniya federal prokuraturasi Xangoshvilining qotilligi «Rossiya Federatsiyasi markaziy hukumatidagi davlat xizmatlari» buyrug‘i bilan sodir etilganini ma'lum qildi.
Chechenlarga qarshi yana bir suiqasd joriy yil 1 fevral kuni Fransiyaning Lill shahrida amalga oshiriladi. O‘shanda chechen millatiga mansub Imran Aliyevning jasadi mehmonxonalardan birining xonasidan topiladi. Imran Aliyev ham Checheniston rahbari sha'niga haqoratomuz so‘zlar yog‘dirish bilan tanilgan edi. Fransuzlarning BFMTV nashri o‘z manbalariga tayanib, qotillik siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilganini va uni Rossiya maxsus xizmati xodimlari amalga oshirgan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qiladi.
2020 yil 26 fevral kuni Shvetsiyada taniqli chechen blogeri Tumso Abdurahmonovga suiqasd uyushtiriladi. Ushbu suiqasd muvaffaqiyatsiz chiqadi. Abduraxmonov hujum qilgan shaxsni zararsizlantirib, politsiyani chaqirishga muvaffaq bo‘lgan. Abdurahmonovga suiqasd qilishga uringan er-xotinlar Rossiya fuqarosi bo‘lib chiqadi.
VVS bilan suhbatda Abdurahmonov Venadagi qotillik hech bir chechenni ajablantirmaganini aytgan. «Ba'zi odamlar Umarovni topish uchun burunlari bilan yer qazishyapti», degan mish-mishlar tarqaldi. Umarovni ko‘pchilik, shu jumladan men ham ogohlantirdim. Ammo u ogohlantirishlarimizga beparvo bo‘ldi», degan Abdurahmanov.
Abduraxmanovning aytishicha, Mamixan Umarovga qilingan suiqasddan so‘ng uning marhum bilan sirtdan tanish bo‘lganini bilgan Shvetsiya politsiyasi so‘nggi kunlarda hatto uning uyini ham qo‘riqlay boshlagan.
O‘z shaxsini oshkor qilmagan chechenning so‘zlariga ko‘ra, Umarovning o‘ldirilishi Venadagi chechen diasporasini hayajonga solgan. Odamlar bu suiqasd haqida bir-birlariga xabarlar yuborgan va Umarovning jazolanishi nima sababli ro‘y berganini muhokama qilishgan. O‘sha manbaning so‘zlariga ko‘ra, Umarovning Qodirovga videomurojaatida aniq siyosiy tanqid bo‘lmagan, u shunchaki Ramzan Qodirov bilan o‘zaro qasdlashib qolgan, xolos.
«Bo‘lib o‘tgan hodisa tufayli Yevropadagi chechen millatiga mansub odamlar qo‘rqib qolishdi va aksariyati o‘z xavfsizligini o‘ylab tashvishlanyapti. Umarov nima qilgan bo‘lsa ham, nimalar degan bo‘lsa ham, unga bo‘lgan munosabatimdan qat'i nazar, agar bu buyurtma qotillik bo‘lsa, demak bu suiqasd Yevropada yashab yurgan oddiy chechenlar orasida tashvish uyg‘otishi tabiy hol», deya qo‘shimcha qilgan Venada yashovchi chechen.
Uning aytishicha, Yevropadagi chechenlar hech qachon ko‘hna qit'ada yashab ham o‘zlarini bexavotir his qilmaydi: «Yevropada yashovchi chechenlar bu qotillik bilan bog‘liq bo‘lgan g‘azab va qo‘rquvni his qilmoqda. Ammo bunday siuqasdlar qancha ko‘paysa, odamlar shunchalik norozi bo‘ladi, o‘ylaganlari haqida yanada ko‘proq gapirishadi».
Umarovga qilingan suiqasd Venadagi ikkinchi yirik qotillik hisoblandi. Ungacha Avstriya poytaxtida 2009 yilda Qodirovning sobiq qo‘riqchisi Umar Isroilov o‘ldirilgandi. U ham tinimsiz Checheniston rahbarini tanqid qilib kelgan. Shuningdek, 2011 yilda Avstriyada uch chechen sudlanadi va biri umrbod qamoq jazosi olgan, qolgan ikkitasi 19 yilga qamalgan.
Umuman olganda, «Rossiya maxsus xizmatlarining ishi» deb baholanadigan chechenlarga qarshi suiqasdlar anchagina. Ulardan eng shov-shuvlisi Chechenistonning birinchi prezidenti Zelimxan Yandarbiyevga 2004 yil Dohada amalga oshirilgan suiqasd hisoblanadi. O‘shanda Yandarbiyevning mashinasiga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida u va ikki qo‘riqchisi halok bo‘lgan, o‘g‘li esa og‘ir jarohatlangandi. Shundan so‘ng Qatar maxsus xizmati Yandarbiyevga uyushtirilgan suiqasdni Rossiyaning mamlakatdagi elchixonasi xodimlari yordamida rus maxsus xizmati xodimlari amalga oshirganini ma'lum qilgan va qotillar ushlanib, umrbod qamoq jazosini olgan edi.
«Barchasini biz qildik»
Mamixan Umarovning qarindoshi ekanini aytgan bir guruh odamlar feysbukda shov-shuvli murojaatni joylashdi. Chechen tilidagi bu murojaatda bir guruh chechenistonliklar Mamixan Umarovning qarindoshi ekanliklari va uni Avstriyada o‘ldirishganini aytishadi.
«Bu it bizning urug‘dan chiqqan. Biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qildik. Uning o‘ldirilish bo‘yicha ko‘pchilik qo‘lga olinganini eshitdik, ularni qo‘yib yuborish kerak. Biz xalqimizga va respublika rahbariga murojaat qilish uchun, ulardan kechirim so‘rash uchun yig‘ildik», deyilgan murojaatda.
Mavzuga oid
20:04 / 08.05.2025
Putin Ramzan Qodirovning iste’foga chiqishiga ruxsat bermadi
14:16 / 07.05.2025
Rossiya "Rayffayzenbank"dan deyarli 2 mlrd yevroni musodara qildi
11:42 / 07.05.2025
Ramzan Qodirov iste’fo so‘rashi haqida gapirib, keyin «uni noto‘g‘ri tushunishgani»ni aytdi
15:25 / 30.04.2025