Jamiyat | 14:30 / 23.07.2020
11342
4 daqiqa o‘qiladi

Human XBAdan jabrlanganlarning hammasiga ham pullar qaytarib berilmagan. Bunga nima sabab bo‘lgandi?

Human xususiy bandlik agentligidan jabrlanganlar ko‘rgan moddiy zarar davlat rahbarining topshirig‘i bilan qoplab berilgani xabar qilingan edi. Ammo, tahririyatga kelib tushgan murojaatlar asosida o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki ayrim fuqarolar agentlikdan ko‘rgan zarar hamon qoplab berilmagan. Xo‘sh, nega?

Joriy yilning 17 fevral kuni bosh vazir Abdulla Aripov Human xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rgan fuqarolar bilan uchrashib, 1086 nafar aldangan fuqaroga qaytarilishi lozim bo‘lgan 21 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar davlat tomonidan shoshilinch ravishda qoplab berilishini aytan edi. Buning ijrosini ta'minlash uchun bosh vazir Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda «Ipotekabank» rahbariga topshiriq berib, barcha jabrlanuvchilarga 2 kun ichida bank plastik kartochkasi ochib berish va 24 soat ichida kartochkaga pul o‘tkazib berish vazifasini yuklagan edi.

20 fevral holatiga qisqa muddat davomida 916 nafar undiruvchiga bank xizmat haqi undirilmasdan bank kartasi ochilib, shundan 819 nafariga sud hujjatida ko‘rsatilgan 17,2 mlrd so‘m pul mablag‘lari o‘tkazilishi ta'minlangan. Bundan tashqari, MIB matbuot xizmati tomonidan moddiy zararni qaytarish masalasida murojaat etmagan 69 nafar fuqaroga hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlarga murojaat qilishlari va yetkazilgan zararlar qisqa muddatda ularning hisob raqamlariga o‘tkazilishi ma'lum qilingandi.

Ma'lum bo‘lishicha, jabrlanuvchilar orasida hamon pullarini qaytarolmay ovora bo‘lib yurganlar ham bor ekan. Jumladan, tahririyatga murojaat qilgan O‘tkir Akmalovich Karimovni ham ayni shu masala qiynamoqda.

U 2019 yilning 13 fevralida ukasi I.Karimov orqali Human xususiy bandlik agentligi bilan xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzib, agentlikka 23 mln so‘m pul to‘lagan.

«Shartnoma shartlariga ko‘ra, 6 oy ichida meni jo‘natishlari kerak edi. Lekin jo‘natilmadim. Men shartnomani bekor qildim. Keyin agentlik ustidan jinoiy ish ochildi. Barcha jabrlanganlarni tergov va sudga chaqirishgan. Meni ham ariza bilan murojaat qilganimdan so‘ng Nurota tuman IIB TB tergovchisi so‘roq qilib, jabrlanuvchi deb topdi va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, Toshkentga yuborishini aytdi. Lekin ro‘yxatda ism-sharifim chiqmadi. Ichki ishlar organlariga bir necha bor murojaat qildim, ular «ishingiz tergovda ko‘rib chiqilyapti», deyishadi. Lekin kim ko‘ryapti, qaysi bosqichda bilmayapman», deydi O‘.Karimov.

Murojaatchining bayon qilishicha, u dastlab Human xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rganlarning pulini qaytarish bilan shug‘ullanadigan Navoiy viloyatidagi ishchi guruhga uchragan. Ishchi guruh vakillari unga jinoyat ishiga jabrlanuvchi sifatida kiritilganlar asosida ro‘yxat shakllantirilishi, ana shularga pullari qaytarib berilishi, bu ro‘yxatda esa O‘.Karimov yo‘qligini ma'lum qilishgan.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentidan izoh oldik. Departamentning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mas'ul xodimi Adxamjon Abdullayevning ma'lum qilishicha, dastlabki tergovda jinoyat ishining O‘.Karimov va u kabi boshqa bir nechta jabrlanuvchilariga oid qismi alohida ish yurituvga ajratib olingan. Keyinroq O‘.Karimov ham rasman so‘roq qilingan va jinoyat ishida jabrlanuvchi sifatida e'tirof etilgan. Hozirda qolgan jabrlanuvchilardan iborat ikkinchi ro‘yxat ham shakllantirilgan. Mazkur jinoyat ishining tergovi ham ayblov xulosasi bilan yakunlanib, o‘n kun avval tasdiqlash va tegishli sudlovga o‘tkazish uchun prokuraturaga yuborilgan», deydi A.Abdullayev.

Abbos Salaydinov

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid