Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fermerlarga 500dan ortiq xizmat turlarini taklif etuvchi Agroxizmat markazlari ochiladi
Bugun, 24 iyul kuni AOKA binosida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Bahodir Xoliqov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda vazir o‘rinbosari sohada ilm va ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlash borasida qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berib, quyidagilarni sanab o‘tdi:
- Yetuk xalqaro ekspertlar bilan jahon tajribasi tahlil qilindi.
- Tahlil natijalaridan kelib chiqqan holda soha uchun yangi tashabbusni, ya'ni Agroxizmat markazlarini har bir viloyatda tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
- Farg‘ona viloyatida Agroxizmat markazini tashkil etish ishlari boshlandi va yil yakunigacha ishga tushiriladi.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, barcha viloyatlarda ochilishi rejalashtirilayotgan bu markazlar orqali tajribali mutaxassislar tomonidan «yagona darcha» tamoyilida fermerlarga 500dan ortiq xizmatlar ko‘rsatiladi.
«Shu joyning o‘zida fermerlar va klasterlar yangi texnologiyalar va uskunalar bilan tanishish, ko‘chat, urug‘, o‘g‘it kabi muammolarini hal etadi va umuman har qanday masalalariga yechim topadi. Ushbu yangi tizim doirasida ilm bilan ishlab chiqarishning uzviy bog‘liqligi ta'minlanadi», – deydi Bahodir Xoliqov.
Ma'lum qilinishicha, hududiy Agroxizmat markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar (AKIS) milliy markazi faoliyati yil yakunigacha yo‘lga qo‘yiladi.
«Bugungi kunda vazirlikka Turkiya, Buyuk Britaniya, FAO mutaxasislari va Niderlandiyadan malakali mutaxassislar jalb etilib, ishchi guruhi tashkil etildi. Ular tomonidan yangi AKIS tizimining strategiyasi va «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda va uch oy ichida tasdiqlash uchun Hukumatga kiritiladi», – dedi vazir o‘rinbosari.
Ma'lumot uchun, bu kabi markazlar rivojlangan xorijiy davlatlarda ancha ommalashgan. Ularda fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash maqsadida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) yo‘lga qo‘yilgan.
Ular tomonidan yangi innovatsion bilim va texnologiyalar keng joriy etilishi bilan bir qatorda agroxizmatlar ham ko‘rsatiladi.
O‘zbekistonda Agroxizmat markazi faoliyati ilk bor Farg‘ona viloyatida yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Markaz orqali davlat-xususiy sherikchilik shartlarida 500dan ortiq agrosanoat majmuiga oid xizmatlar, jumladan 40dan ortiq yangi turdagi xizmatlar: geoaxborot tizimlari, dron xizmatlari, xalqaro standartlar, «Organic», «Global G.A.P» va «Halol» sertifikatlari joriy qilinadi.
Mavzuga oid
17:00 / 27.05.2025
Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”
10:43 / 26.05.2025
“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit
21:05 / 19.05.2025
Yerosti suvlaridan foydalanuvchilar hisoblagich o‘rnatmasa, 5 barobar soliq to‘laydi. Bu qanday ishlaydi?
12:05 / 16.05.2025