O‘zbekiston | 08:03 / 24.07.2020
8508
3 daqiqa o‘qiladi

Nodavlat ta'lim tashkilotlari xodimlarining oylik maoshini bazaviy miqdorda to‘lash yuzasidan taklif ishlab chiqildi

Oylik maoshlarini to‘lab borish maqsadida Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi va ajratiladigan mablag‘lar miqdori belgilanadi.

Xalq ta'limi vazirligi Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda nodavlat ta'lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan prezidentning “Koronavirus pandemiyasi davrida nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi regulation.gov.uz saytida muhokama uchun e'lon qilindi.

Xalq ta'limi vazirligi xabariga ko‘ra, qaror loyihasi vazirliklarning nodavlat ta'lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash choralari bo‘yicha takliflarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, muhokama hamda kelishuv davomida o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Qaror loyihasida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yuridik shaxslarni koronavirus pandemiyasi davomida joriy etilgan karantin choralari sababli ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning faoliyati to‘xtab qolmasligini ta'minlash, nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, moliyaviy holatini yaxshilashga hamda xodimlarning oylik maoshlarini bazaviy miqdorda ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, 2020 yilning 1 iyulidan nodavlat ta'lim tashkilotlarining faoliyati qayta tiklanishi ta'minlanguniga qadar ularning xodimlariga oylik maoshlarini to‘lab borish maqsadida Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi va ajratiladigan mablag‘lar miqdori belgilangan.

Qaror loyihasi O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayonida keltirilgan topshiriqlar hamda nodavlat ta'lim tashkilotlari, jumladan, xalq ta'limi vaziri va nodavlat umumta'lim maktablari rahbarlari o‘rtasida joriy yilning 10 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada bildirilgan fikr va mulohazalar asosida ishlab chiqildi, deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, qaror loyihasining qabul qilinishi nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyati tugatilishini oldini olish, ularda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni bazaviy oylik maoshlari bilan ta'minlanishi, nodavlat ta'lim tashkilotlari koronavirus pandemiyasi tufayli duch kelgan og‘ir moliyaviy holatni yengillashtirishga ko‘maklashadi. 

Mavzuga oid