O‘zbekiston | 21:03 / 24.07.2020
5919
5 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligiga jalb etilayotgan tashqi qarz va grantlar nimalarga sarflanishi haqida ma'lumot berildi

Bugun, 24 iyul kuni AOKA binosida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Bahodir Xoliqov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Foto: KUN.UZ

Brifingda Bahodir Xoliqov prezident Shavkat Mirziyoyevning 23 iyul kuni qishloq va suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektoridagi masalalar hamda tashqi investitsiyalarning loyihalarga yo‘naltirilishi borasida ma'lumot berdi.

U o‘z so‘zida «oxirgi yillarda sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlarini joriy etish, rezerv va imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil qilishga jiddiy e'tibor qaratilayotgani»ni qayd etdi.

«Qishloq xo‘jaligi – iqtisodiyotning asosiy o‘sish nuqtasi va drayveri bo‘lishi uchun sohani 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini qabul qildik.

Strategiyada belgilangan har bir vazifani amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni hal etish bo‘yicha ishlanyapti.

Jahon banki bilan qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha 500 mln dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

2020 yilda esa sohaga qo‘shimcha 100 mln dollar mablag‘larni jalb etish belgilangan.

Shu yilning 6 oyida davomida 85 mln dollarlik grant mablag‘lari jalb qilishga erishildi. Bu mablag‘lar agrotadbirkorlik, yer degradatsiyasining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi ta'sirini kamaytirish va FAO (BMTning oziq-ovqat bo‘yicha tashkiloti – tahr.) orqali chigirtkaga qarshi kurash kabi loyihalarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, ikki oy ichida barcha viloyatlarda loyihalar taqdimoti o‘tkazilib, uni amalga oshirish bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkaziladi», – dedi vazir o‘rinbosari.

Xoliqovning aytishicha, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi 8ta ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, vazirlik tarkibidagi bir qator tashkilotlar faoliyati ham jalb qilinayotgan mablag‘lar evaziga tubdan isloh qilinib, zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar bilan jihozlanadi.

Buning uchun, Jahon bankining 124 million dollar va Yevropa Ittifoqining 2 million dollar grant mablag‘i yo‘naltiriladi.

«Ikkinchidan, raqamli qishloq xo‘jaligiga o‘tishimiz zarur va shart. Bu borada Axborot texnologiyalari vazirining alohida o‘rinbosarini ham biriktirganmiz.

Bugun Buxoro va Andijon viloyatlarida sun'iy yo‘ldosh ma'lumotidan foydalangan holda, yerlar va ekinlar holatini hamda agrotexnik tadbirlarni tezkor baholash bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Belarusning «Van soil» kompaniyasi Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida ekinlar holatini sun'iy yo‘ldosh tasvirlari orqali tahlil qilish va monitoring yuritish bo‘yicha tajribani o‘tkazdi.

Bunday loyihalar va startaplar qishloq xo‘jaligi uchun juda zarurligini bugungi pandemiya sharoiti isbotladi», – dedi u.

Bahodir Xoliqovning qo‘shimcha qilishicha, 2020 yil boshida hokimlarning takliflari asosida 88ta meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ayrim klasterlarda qayta ishlash va saqlash quvvatlarini yetarli emasligi ularni to‘laqonli ishlashiga salbiy ta'sir qilmoqda.

«Zamonaviy agrologistika markazlari va komplekslarini tashkil qilish hisobiga meva-sabzavotchilikda qo‘shilgan qiymatni yaratish bo‘yicha vazifa olgandik.

Bugungi kunda Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida yirik komplekslarni tashkil etish uchun Osiyo taraqqiyot bankining 197 million dollar imtiyozli mablag‘larini jalb qilish masalasi ham hal qilindi.

Tumanlar hududlarini aniq bir turdagi mahsulotni yetishtirishga bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kerak.

Jizzax viloyati misolida buni biz namuna sifatida ko‘rsatib berdik. Keyingi uch yilda Jizzaxda qariyb 120 ming gektarga yaqin foydalanilmayotgan yerlar o‘zlashtirilib, tumanlar hududlari ixtisoslashtirilyapti.

Shu yilning o‘zida 25 ming gektarga yaqin yerlar o‘zlashtirilib, bog‘ va tokzorlar tashkil qilinayapti, moyli ekinlar ekilyapti.

Bunda, har bir tumanda ko‘pi bilan 3-4ta eksportbop va yuqori daromad beruvchi mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish lozim.

Yana bir masala, loyiha doirasida aholi bandligini ta'minlash va daromadini ko‘paytirish maqsadida intensiv bog‘lar tashkil etishni tijorat banklari kreditisiz yangicha moliyalashtirish mexanizmi joriy qilinyapti.

Buning uchun jalb etilgan mablag‘lar hisobidan 65 million dollar ajratiladi», – deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid