O‘zbekiston | 21:19 / 25.07.2020
2066
5 daqiqa o‘qiladi

AKT vaziri agrar sohada joriy etilishi kutilayotgan raqamli texnologiyalar haqida ma'lumot berdi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlar holatini tezkor va aniq baholash maqsadida kosmik ma'lumotlardan foydalanish bo‘yicha Andijon viloyatida tajriba loyihasi amalga oshirilayotganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, loyiha doirasida Andijon viloyatining maydonlari vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga kiritilmoqda.

«Mazkur platforma hozirgi kunda Davergeodezkadastr qo‘mitasining “Yer axborot” tizimi bilan o‘zaro integratsiya qilindi. Loyiha sentabr oyida ishga tushadi va Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlarining tahliliy ma'lumotlari shakllantirilib, yer egalariga taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

21 iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda vazirligimiz oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi.

Jumladan, yig‘ilishda, kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma'lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi. Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sun'iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.

Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar o‘z vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.

Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi», deya Shuhrat Sodiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirning ta'kidlashicha, yer munosabatlari, qishloq va suv xo‘jaligi resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida raqamli hamda geoaxborot texnologiyalari tizimini joriy etish bo‘yicha AKT vazirligi oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan.

«Respublikamizda geoaxborot texnologiyalarini rivojlanirish maqsadida sohada yetuk tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarning tajribasi o‘rganildi. Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yo‘ldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun «virtual» qabul qilish stansiyasi (geoaxborot markazini)ni tashkil etish loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda.

Mazkur loyiha - geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi ta'minlanadi», deydi u.

Shuhrat Sodiqovga ko‘ra, qishloq hamda suv xo‘jaligi, tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ekologiya, arxeologiya, shaharsozlik hamda yo‘l qurilishi, chegara nazorati, xavfsizlik va mudofaa sohalaridagi ayrim masalalarni hal etish tizimi ham yaratiladi.

«Yer hamda ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish yo‘nalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugungi kunda 8 ta elektron davlat xizmatlari joriy qilingan bo‘lib, 50 mingga yaqin arizalar kelib tushgan.

Mazkur yo‘nalishda aholiga qo‘shimcha qator qulayliklarni yaratish, eng asosiysi mazkur yo‘nalishda “inson omili”ni cheklash maqsadida joriy yil yakuniga qadar 5 ta davlat xizmatlari takomillashtiriladi», deydi AKT vaziri.

Mavzuga oid