Jamiyat | 08:57 / 28.07.2020
4897
3 daqiqa o‘qiladi

Bir marhum uchun 2 marta o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma: Navbahorda jami 154ta qonun buzilish holatlari aniqlandi

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida joriy yilning o‘tgan davri mobaynidagi tug‘ilganlik, perenatal o‘lim va o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berishda 154ta holatda xatolikka yo‘l qo‘yilgan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan tibbiyot birlashmasi va uning quyi bo‘g‘inlarida «perinatal o‘lim va o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma talablariga rioya etilishi monitoring qilinganda tug‘ruq va reanimatsiya bo‘limi, QVP va QOPlarda juda ko‘p hollarda tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma'lumotnoma, perinatal o‘lim va o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berishda xato va kamchiliklar kuzatilgan.

Tekshirish jarayonida o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomalarning nusxalari ko‘zdan kechirilib, ba'zilarida marhumning vafot etgan vaqti, ismi familiyasi, ayrimlarida esa vafot etgan joyi ko‘rsatilmagan yoki noto‘g‘ri yozilgani, o‘limni qayd etish jurnalida ro‘yxatga olish oylar davomida kechiktirilgani, bir marhumga o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma 2 marta berilgani ma'lum bo‘lgan.

Bu holat yo‘riqnomaning 29-bandiga zid. Unga ko‘ra o‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma har bir o‘lim hollarida tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan berilishi belgilangan.

Kuzatuvlar davomida tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni to‘ldirish jarayonida yozuvlarning bo‘yalgani, sanalar va ota-onalarning ismi familiyasi o‘zgartirilgani ma'lum bo‘ldi.

Tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Orif Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, Oila kodeksining 223-moddasida o‘limni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etmasdan marhumni dafn qilish taqiqlangan. Biroq, tumanda 56ta holatda dafn marosimidan so‘ng tibbiy guvohnomalar olingani ma'lum bo‘lgan. Aholi tomonidan ommaviy tarzda yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik — o‘lim haqidagi guvohnomalarni olish vaqti va olganini tasdiqlovchi imzolarning mavjud emasligi bilan bog‘liq. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 72ta holatda o‘lim haqidagi guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlari tomonidan imzolanmagan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Navbahor tuman adliya bo‘limi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasiga taqdimnoma kiritilib, yo‘riqnoma ijrosini ta'minlashda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy tartibda intizomiy chora qo‘llangan.

Mavzuga oid