O‘zbekiston | 23:49 / 28.07.2020
12281
4 daqiqa o‘qiladi

«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra O‘zbekistonda aholining 12-15 foizi kambag‘al» – vazir o‘rinbosari

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqovga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblar O‘zbekistonda aholining 12-15 foizi yoki 4-5 million kishi kambag‘al ekanini ko‘rsatmoqda.

Akmalxon Ortiqov / Foto: Xalqaro press-klub

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzasidan ma'lumot bergan vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi va kambag‘alligi uzoq yillar «yopiq mavzu» bo‘lib kelganini alohida ta'kidlaydi. Shuningdek, u pandemiya davrida aholining nochor qismi qanday qo‘llab-quvvatlanayotgani haqidayam ma'lumot berdi.

«Aholining nochor qismiga ko‘mak berish maqsadida komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, vazirlar, hokimlar va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan. Lekin pandemiya ko‘p sohalarda ish o‘rinlarini yaratishga, kambag‘allikka qarshi kurashishga katta zarar yetkazib kelyapti. Uning ta'sirini yumshatish maqsadida «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati yo‘lga qo‘yildi. Uning doirasida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlariga asosan, karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali oilalarga, yakka yolg‘iz va nogironlarga hamda o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz bo‘lgan 321 mingga yaqin oilalarga 127 mlrd 700 mln so‘mdan ziyod mablag‘lar sarflandi.

Hududlardagi sektor rahbarlari boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruhlari tomonidan may-iyun oylarida ehtiyojmand oilalarga mansub 233 mingga yaqin fuqarolarimizga daromad manbaini yaratish choralari ko‘rildi. Hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan oilalarning bandligini ta'minlash orqali ularga daromad manbai yaratishning «Vaqtinchalik tartibi» ishlab chiqildi. Unga muvofiq, «Saxovat daftari»ga kiritilgan oilalar bilan manzilli ishlash va ularni kambag‘allikdan chiqarishning aniq tartib va rejalari ko‘rsatib berildi», deya Akmalxon Ortiqovning so‘zlaridan istibos keltirmoqda vazirlik axborot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning iyul-oktyabr oylarida muhtoj oilalarning yana 257 mingga yaqin mehnatga layoqatli qismini daromad manbai bilan ta'minlashga ehtiyoj bor.

«Buning uchun joylardagi 4 ta sektor rahbarlari iqtisodiy kompleks tashkilotlari bilan oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, jamoat ishlariga jalb qilish va o‘zini o‘zi band qilish tizimi, investitsiya kompleksi bilan mavjud va yangidan ishga tushirilayotgan korxonalarga joylashtirish qishloq xo‘jaligi majmui bilan sohadagi korxonalarga, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga serdaromad ekinlarni ekishiga yordam berish orqali, qurilish tashkilotlari bilan budjet mablag‘lariga qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilayotgan obektlarga va bugun ipotekaning yangi tartibida amalga oshirilayotgan uy-joylar qurilishida bandligini ta'minlash choralari ko‘riladi. Albatta, mazkur choralarning ijrosi bo‘yicha qat'iy monitoring tizimi o‘rnatilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish kundalik ishlarimiz bo‘lsa, oldimizda xalqaro moliya institutlari, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankining ekspertlari bilan kambag‘allikni qisqartirishning konseptual hujjatlarini ishlab chiqish va joriy etish vazifasi turibdi», deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining rasmiy xabarida.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishning 2030 yilgacha strategiyasi va konsepsiyasi tayyorlanmoqda. Unda kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullari, ijtimoiy ta'minotning minimal standartlari, ta'lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy ta'minoti va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasidan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid