Iqtisodiyot | 13:07 / 28.07.2020
6511
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston 2020 yilning birinchi yarmida Afg‘oniston va O‘zbekistonga 40 mln dollarlik elektr energiya sotdi

Tojikiston 2020 yilning birinchi yarmida Afg‘oniston va O‘zbekistonga jami 40 million dollarlik elektr energiya sotgan.

Joriy yilning olti oyida Tojikiston o‘tgan yilning shu davriga nisbatan elektr energiyasini 324,9 mln. kVt/soat kamroq eksport qilgan.

«Barqi Tojik» milliy elektr kompaniyasi rahbari Mirzo Ismoilzoda jurnalistlar bilan uchrashuvda Tojikistonning elektr energiyasini eksport qilish ko‘rsatkichining kamayishiga «Norak» suv omboriga kelib quyiladigan suv oqimi kamayishini sabab bo‘lganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil olti oy ichida Afg‘onistonga 546,6 million kVt/soat, O‘zbekistonga esa 358,3 million kVt/soat elektr energiyasi eksport qilingan.

«Oldinroq Afg‘onistonga har kuni 320 MVt elektr energiyasi eksport qilingan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 40 MVt.gacha kamaydi. O‘zbekistonga ham elektr energiyasi eksporti kamaygan. Umuman olganda, joriy yilning olti oyi davomida elektr energiyasi eksporti o‘tgan yilga nisbatan 324,9 mln. kVt/soatga kamaygan. Bunga Norak suv omboriga suv beradigan Vaxsh daryosida suv oqimining kamayishi va Afg‘onistonda tarmoqlarning qayta taqsimlanishi bilan bog‘liq ishlar sabab bo‘ldi», degan Mirzo Ismoilzoda.

«Barqi tochik» ma'lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida elektr energiyasini eksport qilishdan tushgan umumiy miqdor 40 million dollarni tashkil etgan. 23 million AQSh dollaridan ortiq elektr energiyasi Afg‘onistonga, 7,2 million dollardan ortiq miqdordagi elektr energiyasi esa O‘zbekistonga eksport qilingan.

«So‘nggi uch oy ichida Vaxsh daryosida suv oqimi deyarli 30 foizga passaydi. Buning oqibatida «Norak» suv omboriga qo‘yiladigan suv miqdori ham kamaydi. So‘nggi ikki kun ichida Vaxshda suv sathi ancha ko‘tarildi va bu elektr energiyasini eksport qilish hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Umid qilamiz, kuzda Norakdagi suv sathi eng yuqori ko‘rsatkich – 910 metrga yetadi. Ana shunda biz to‘laqonli ishlashga o‘tamiz va yo‘qotilgan quvvatlarni o‘rnini tiklaymiz», deyiladi kompaniya tarqatgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonning turli hududlarida qisqa muddatga elektr energiyasini uzilishi yuz bera boshladi. «O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘runov respublika bo‘yicha vaqtinchalik elektr ta'minotidagi uzilishlariga qo‘shni Tojikiston energotizimidan qabul qilinayotgan elektr energiyasi importi hajmining keskin qisqarishi ham sabab bo‘lganini ma'lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga Tojikiston energotizimidan import miqdorining keskin kamaytirilishi «Norak» suv omboriga suv kelishining prognoz ko‘rsatkichlardan kamligi va suv sathining pastligi sababli Tojikistonning «Barki Tochik» kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Mavzuga oid