O‘zbekiston | 21:29 / 29.07.2020
20164
3 daqiqa o‘qiladi

OTMlarda kontrakt narxini o‘zgartirish rejalashtirilmayapti - vazirlik

2020/21 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz qoldirilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot kotibi ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi joriy o‘quv yilida kontrakt miqdorini oshirishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Kun.uz muxbiri bilan suhbatda vazirlik matbuot xizmati rahbari Farhod Babashev aytib o‘tdi.

Muxbir vazirlik vakiliga: «Kuzgi semestrda o‘qish masofadan tashkil etilsa yoki ayrim kurslarda o‘qish sentyabrdan emas, oktyabr oyidan boshlansa, kontrakt narxi ham shunga mos tarzda kamaytiriladimi?» deya savol bilan murojaat qildi.

Farhod Babashev dastlab pandemiya munosabati bilan e'lon qilingan karantin cheklovlari davrida OTMlarning barcha professor-o‘qituvchi va xodimlariga belgilangan tartibda ish haqlari va mehnat ta'til pullari o‘z vaqtida to‘liq, jumladan talabalarga stipendiya to‘lovlari ham amaldagi normativ hujjatlar asosida to‘lab kelinayotganini ta'kidladi.

«Bu borada talabalarga professor-o‘qituvchilar 2020 yilning 1 aprelidan boshlab, masofaviy ish rejimiga o‘tgan holda tasdiqlangan fan dasturlari asosida belgilangan darslarni onlayn ko‘rinishida o‘tib kelmoqda.

OTMlar talabalarga masofaviy (onlayn) ta'lim berish joriy etilgani munosabati bilan uni tashkil etish va moddiy bazasini yaratishga qo‘shimcha mablag‘lar sarflamoqda.

Bundan ko‘rinib turibdiki, amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori, o‘qitishning haqiqiy xarajatlariga nisbatan kam (bugungi kunda xarajatlarning 69 foizini qoplamoqda xolos) belgilangani sababli to‘lov-kontrakt miqdorlarini kamaytirishning imkoni mavjud emas», – dedi u.

Babashevning qo‘shimcha qilishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli fuqarolarning iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolganini inobatga olgan holda vazirlik 2020/21 yilgi o‘quv mavsumida talabalarning to‘lov-kontrakt miqdorida o‘zgarish qilishni rejalashtirmayapti.

«Bu borada tegishli hujjat yaqin kunlarda OAVga e'lon qilinadi. Shu hujjatda batafsil barchasini ko‘rishingiz mumkin», – deya vazirlik mutasaddisi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid