Jahon | 23:16 / 31.07.2020
5810
4 daqiqa o‘qiladi

Putin davlat siri bo‘lmasa ham FXX haqidagi materiallarni e'lon qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin «Federal xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra FXX organlari haqidagi materiallarni idora rahbariyati ruxsatisiz e'lon qilish va tarqatish taqiqlanadi.

Foto: Aleksandr Shcherbak / TASS

Gap harbiylar, davlat xizmatchilari, FXXning amaldagi va iste'foga chiqqan xodimlari tomonidan kasbiy sirni saqlash haqida bormoqda. Qonunda kasbiy sir davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bo‘lmasligi mumkinligi qayd etib o‘tilgan, biroq o‘zgarishlar mualliflari bunday axborotni tarqatish FXX xafsizligiga «tahdid uyg‘otishi» yoki «ularning nufuziga ziyon yetkazishi» mumkin deb hisoblashadi.

Kasbiy sir mavjud bo‘lgan axborot e'lon qilinishidan avval FXXda «ekspertlik baholashi»dan o‘tishi kerak. Bu jarayonsiz uni tarqatish taqiqlanadi. Axborotlar ro‘yxati va baholash o‘tkazish tartibi xizmat rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.

AVG Legal’ning boshqaruvchi hamkori Aleksey Gavrishevning RBK’ga ma'lum qilishicha, FXX faoliyati haqidagi axborotni tarqatganlik uchun mas'uliyatni maxfiy ma'lumotlarni oshkor qilishga tenglashtirishlari mumkin — ham maxsus xizmati xodimlari uchun, ham OAV uchun.

«Yumshoqroq qilib aytganda, bu qo‘rqinchli ko‘rinmoqda. Chunki shunchaki axborot va xizmatning professional faoliyati to‘g‘risidagi axborot o‘rtasida juda yupqa farq bor», – deydi u.

Muxolifatdagi siyosatchi, Davlat dumasining sobiq deputati va FXXning iste'fodagi zobiti Gennadiy Gudkovning fikricha, ushbu taqiq yoppa senzuraga urinishdir. «Meduza»ga bergan intervyusida u «FXX tanqiddan va o‘zining har qanday no‘noq ishlari va hiylalari tilga olinishidan o‘lgudek qo‘rqishi, idorada professionalizmdan asar ham yo‘qligi: soxtalashtirish, provokatsiyalardan iborat ekanligi»ni aytib o‘tgan.

«Agar seni qonunni buzadigan bo‘lsang, prokurormi, OAVmi – farqi yo‘q, seni nazorat qilishga har qanday urinish g‘azabingga sabab bo‘ladi, lekin bu ablahlarning pozitsiyasi», – degan u.

7 iyul kuni FXX xodimlari sobiq jurnalist Ivan Safronovni davlatga xiyonat ishi bo‘yicha hibsga olishdi. So‘nggi ikki oyda u «Roskosmos» rahbari Dmitriy Rogozinning maslahatchisi bo‘lib ishlayotgandi. Safronovning hamkasblari va yaqinlari unga qarshi qo‘zg‘atilgan ish aynan uning jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblashmoqda.

FXX versiyasiga ko‘ra, u go‘yoki Chexiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan va 2017 yilda ularga Rossiya tomonidan Afrika davlatlariga qurol yetkazib berish, shuningdek RF Mudofaa vazirligining Yaqin Sharqdagi faoliyati haqidagi ma'lumotlarni uzatgan.

«Roskosmos» rahbari Rogozin esa Safronov maxfiy axborotlarga ega bo‘lish huquqiga ega bo‘lmaganini ta'kidlagan edi. Chexiya maxsus xizmatlari va harbiylari ham u bilan hamkorlik qilinganini rad etishgan. Uning chexiyalik tanishi, TASS tomonidan Chexiya maxsus xizmatlari xodimi deb atalgan Martin Larish o‘zining maxsus xizmatlar bilan aloqasini rad etgan.

Jurnalist 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Safronovning o‘zi ayblovlarni rad etmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid