Jamiyat | 15:48 / 02.08.2020
15937
3 daqiqa o‘qiladi

Homiylik xayriyalari yordami birlamchi kimlarga yetkazilishi haqida ma'lumot berildi

Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga kelib tushgan murojaatlar haqida ma'lumot berildi.

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari tomonidan qiyin va og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalar ro‘yxatini ishlab chiqishda birinchi navbatda e'tibor qaratiladigan oilalar haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, quyidagi toifadagi oilalarga birinchi navbatda ko‘mak ko‘rsatiladi:

  • Ta'minot manbayi bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali oilalar;
  • ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarni qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan oilalar;
  • ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;
  • ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);
  • ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
  • mehnatga layoqatli a'zolari bo‘lgan, biroq ular hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo‘lgan (mavsumiy ishchi, usta, mardikor, sartarosh, chet elda ishini yo‘qotib qaytganlar, taksi haydovchisi, kafe, restoran ishchisi va h.k) va zarur yordamga muhtoj oilalar.

Bundan tashqari, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga kelib tushgan murojaatlar haqida ma'lumot berildi.

«2020 yil 1 avgust kuni hududlardagi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga jami 8 ming 371ta murojaat kelib tushgan. Hududlarda tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan 22 ming 170ta yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalarga xayriya yordami ko‘rsatilgan.

2020 yil 14 iyuldan 1 avgustga qadar Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga jami 108 ming 755ta murojaat kelib tushgan va Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan 194 ming 214ta yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalarga xayriya yordamlari ko‘rsatilgan.

Hozirda Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlaridagi jami 3060 nafar volontyor yoshlardan 682 nafari Call-markazlarda aholi murojaatlarini qabul qilishga hamda 2378 nafari xonadonlarga mahsulotlar yetkazib berishga ko‘maklashmoqda», degan agentlik vakili.

Mavzuga oid