O‘zbekiston | 09:27 / 02.08.2020
35975
7 daqiqa o‘qiladi

Sergelida muhtojlarga pul tarqatilishi masalasi ko‘tarildi. Mas'ullar aholi bilan uchrashdi

1 avgust kuni tushdan keyin Toshkent shahar Sergeli tumanida aholi vakillari tuman hokimligi binosi atrofida to‘planishdi.

To‘planganlar O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar uchun 30 iyundan boshlab berilayotgan naqd pul shaklidagi mablag‘larning mas'ullar tomonidan to‘g‘ri taqsimlanmagani davosi, shuningdek, mablag‘lar taqsimlanishidagi ayrim tushunmovchiliklar sabab norozilik bildirishdi.

Voqea joyida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri xabar berishicha, yuzlab kishilar masalaga bevosita javobgar hukumat vakillari yetib kelgunga qadar Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan nazorat qilib turilgan.

«Eshitishimcha, qiynalgan oilalarga yordam puli berilayotgan ekan. Bizga bu bo‘yicha hech kim hech narsa demadi. Shu sabab prezident xalqqa berayotgan yordamini olishni uchun hokimiyat binosiga keldik. Biz yordam puli olishdan umidvormiz», – deydi Zilola ismli ayol.

Zilolaning qo‘shimcha qilishicha, uning turmush o‘rtog‘i yo‘q, qo‘lida esa ikki nafar farzandi bor.

Yordam puli «temir daftar»ga kirganlarga berilishi aytilgan edi, siz bu ro‘yxatga kirganmisiz, deya berilgan savolga suhbatdoshimiz ro‘yxatda yo‘qligi, mahalla raisi esa uning bu bo‘yicha murojaatlariga e'tibor qaratmaganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay, aholi vakillari yig‘ilgan tuman hokimligi binosi yoniga hukumat vakillari: Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va boshqa mas'ullardan iborat katta guruh yetib keldi.

Ular aholi vakillari bilan bo‘lgan dastlabki uchrashuvda tumandagi ehtiyojmand oilalar uchun berilgan mablag‘lar qayta ko‘rib chiqilishi va fuqarolarning murojaatlari bevosita barcha mahalla hududlariga borib o‘rganilishini bildirdi.

Yig‘ilganlar esa muammolari ko‘rib chiqilishi va adolatli hal qilinishidan umid qilgan holda o‘z uylariga qaytishdi. Ularni o‘z mahallalariga yetkazish uchun shahar hokimligi va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan avtobuslar tashkil qilindi.

Shu kuni mas'ullar guruhi tumandagi bir nechta mahallaga borib, aholi vakillari bilan ularning muammolari yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazdi.

«Humo» mahallasida yashovchilarning mas'ullar bilan muloqotda aytishicha, mahalla fuqarolar yig‘ini mas'ullari yordamga muhtojlar uchun ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha ro‘yxat tuzishda ko‘pchilik bilan maslahatlashmagan.

«Men uyda yolg‘iz ayolman. Qizim oilasidan ajrashgan, uning ikki nafar farzandi bor. O‘zi yangi olgan uyimizning kreditini to‘lash uchun Turkiyaga ketgan.

To‘g‘risini aytsam, ro‘yxatdan ko‘pchilik bexabar qoldi. Mablag‘larni oluvchilarning ro‘yxatlarini tuzishda qonun buzilishi holatlari bo‘lishi mumkin. Bu yerda tanish-bilishchilik bo‘lgani haqida ham gapirishmoqda. Kim biladi deysiz. Mas'ullar har xil ro‘yxatlarni tuzishda keng aholi vakillari bilan maslahatlashishi kerak», – deydi muloqotda so‘z olganlardan biri.

Holat yuzasidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tushuntirish berar ekan, karantin barchani qiyin ahvolga solib qo‘ygani, aholining bu noroziligi ham shuning natijasi ekanini ta'kidladi.

«Kim kutgan ekan bunday bo‘lishini? Biz qiyin bo‘lsa-da bunga moslashdik. Hozir hukumat ham imkon qadar aholiga yordam berishga harakat qilyapti, lekin aholi sog‘lig‘ini saqlash uchun ham karantin kerak edi. Biz ham aholiga yordam berish, ham sog‘lig‘ini saqlashga intilyapmiz», dedi u.

Shahar hokimi moddiy mablag‘lar taqsimlanishi borasida gapirar ekan, aholi taklifidan kelib chiqqan holda endilikda yordamga muhtoj aholiga mablag‘ tarqatish uchun ro‘yxatlar mahalla yig‘ini raisi emas, balki «domkom»lar tomonidan qilinishi, unga bu ro‘yxatni tuzishda ko‘p qavatli uylarda yashovchi yoshi ulug‘ kishilar maslahat berishini aytib o‘tdi.

Bu yechim aholi vakillarini qanoatlantirdi.

Mas'ullar guruhi bir necha soat davomida shu tartibda tumandagi Yangi Choshtepa mahallasi fuqarolari bilan ham uchrashuv o‘tkazishdi. Yangi choshtepaliklar aholisining mas'ullarga murojaat va e'tirozlari ham shu mazmunda bo‘ldi.

Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylarga mas'ul bo‘lgan faollar, ko‘cha boshilar tomonidan moddiy yordamlar uchun qayta ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Shahar hokimi faollarni ro‘yxat tuzishda vijdonan yondashishga chaqirdi.

Yangi tuziladigan ro‘yxatlar asosida yangi hafta boshlarida fuqarolarga mablag‘lar yetkazilishi va'da qilindi.

Muloqotlarda aytilgan ayrim fikrlarga ko‘ra, yordamga muhtoj aholiga beriladigan mablag‘larning to‘g‘ri taqsimlangani va ro‘yxatga olish jarayonining shaffofligi borasida ham qayta o‘rganishlar o‘tkazilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, hukumat farmoyishi bilan respublika bo‘yicha «temir daftar»ga kiritilgan oilalarga tarqatish uchun 150 mlrd so‘m, shundan 25 milliard Toshkent shahri uchun ajratilgan.

Poytaxt hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu mablag‘ 30-31 iyul kunlari ro‘yxat asosida tarqatilgan. Hokimlik shaharda 20 ming 841ta oila «Temir daftar»ga kiritilgani, bu ro‘yxat yangilanib turishini ma'lum qilgandi.

Bunda tashqari, prezident farmoni bilan a'zolari 1,7 milliondan ortiq bo‘lgan 400 mingta muhtoj oilaga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘ ham «temir daftar»ga kiritilgan oilalarga 15 avgustga qadar tarqatib chiqiladi.

Moddiy yordam oladigan oilalar ro‘yxati sektorlar kesimida tuzib chiqilgan bo‘lib, pul tarqatilishini nazorat qilish ham sektor rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid