Jamiyat | 08:29 / 04.08.2020
6023
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning har bir tumanida yangi yashil hududlarni barpo etish taklif qilindi

Tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish taklif etilmoqda.

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish haqida petitsiya joylashtirildi.

Toshkent shahrida aholining mazmunli hordiq chiqarishi va shaharning ekologik holatini yaxshilash maqsadida shaharning har bir tumanida yangi, attraksionlarsiz kamida 2 000 ta daraxtga ega bog‘ yoki xiyobon barpo etish taklif qilingan. 

“Ushbu bog‘ va xiyobonlarni qulay o‘rindiqlar, velosiped yo‘lakchalari va fontanlar bilan boyitishni taklif qilaman. Ushbu loyiha shahrimiz aholisini bo‘sh vaqtini tabiat bag‘rida maroqli o‘tkazishi, dam olishlari va shahardagi havoning yanada tozalanishiga katta hissa qo‘shadi. 

Bunda, ushbu bog‘ va xiyobonlarning kamida bittasini namunaviy tarzda qolganlaridan ancha katta qilib, kamida 20 000 daraxt ekilsa, shahrimizning eng ajoyib, so‘lim joylaridan biriga aylangan bo‘lar edi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shahar va tuman hokimliklari loyiha uchun yer va mablag‘ ajratib, har bir tumanda yangi yashil hudud yaratish taklif etilgan. 

Mavzuga oid