Jamiyat | 15:32 / 06.08.2020
8167
2 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi: «Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtincha tavsiyalar» palata ekspertizasiga taqdim qilinmagan

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 3 avgustdagi matbuot anjumaniga oid bayonot bilan chiqdi.

«Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi shu haqda ma'lum qiladiki, 2020 yilning 31 iyulidagi «Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtincha tavsiyalar» (oltinchi versiyasi) Milliy palataga ekspertiza uchun belgilangan tartibda taqdim etilmagan.

Bu tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 yilning 3 avgustdagi matbuot anjumanida omma e'tiboriga havola qilingan.

Ma'lumot uchun:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 2 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 8-bandida «ishlab chiqilayotgan, sog‘liqni saqlash tizimiga aloqador normativ-huquqiy loyihalar Milliy palata ekspertizasidan o‘tkazilishi shart», deya belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, bu qarorning 2-punktiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining asosiy vazifalariga «zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, shuningdek, moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqishni tashkil etish, ularning o‘z vaqtida joriy etilishini monitoring qilish» ham kiritilgan», – deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 yilning 3 avgusidagi yetakchi ommaviy axborot vositalari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilgan va unda mutasaddilar bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtincha protokol qabul qilingani haqida bildirishgandi.

Mavzuga oid