O‘zbekiston | 14:20 / 06.08.2020
7474
2 daqiqa o‘qiladi

IIV koronavirus alomatlari bor bemorlarni Yunusobod tumanida tashkil etilgan vaqtinchalik shifoxonaga taklif etmoqda

Vaqtinchalik shifoxona 750 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, u Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Badiiy gimnastika sport majmuasida tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash tizimiga ko‘mak sifatida tashkil etilgan mazkur vaqtinchalik shifoxona 1 avgustdan faoliyatini boshlagan. 3 kun ichida Toshkent shahrida yashovchi 160 nafar bemor qabul qilingan. Vaqtinchalik shifoxonada davolanish xarajatlari – dorilar, oziq-ovqatlar to‘liq davlat hisobidan qoplanadi. Bu yerda 500 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga jalb etilgan.

«Agarda sizda koronavirus alomatlari sezilsa 103 aloqa tarmog‘i orqali yoki shaxsiy transportingizda mazkur shifoxonaga murojaat etishingiz mumkin. 750 o‘rinli tez tibbiy yordam ko‘rsatuvchi davolash muassasasida qisqa fursatda darddan forig‘ bo‘lishingiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Malakali va yetakchi mutaxassislar jalb etilgan. Manzil: Yunusobod tumani Tor xo‘ja ota ko‘chasi, 2-A uy O‘zbekiston gimnastika olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar maktabi. Shuni unutmangki, o‘z vaqtida qilingan murojaat kasallik tarqalishini oldini olishga xizmat qiladi», deyiladi IIV axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan videoda.

Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev «O‘zbekiston24» telekanaliga bergan intervyusida 2-3 kun ichida 2000 o‘rinli davolash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, jumladan, Mudofaa vazirligi tomonidan 814 o‘rinli, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan 520 o‘rinli, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 750 o‘rinli tez tibbiy yordam ko‘rsatadigan davolash muassasalari ishga tushirilishini ma'lum qilgan edi.

IIV tomonidan tashkil etilayotgan 750 o‘rinli vaqtinchalik shifoxonaga ishga taklif etilayotgan tibbiyot xodimlariga 14 kunlik faoliyati uchun 15 mln so‘mdan 25 mln so‘mgacha ish haqi berilishi, o‘zining ijobiy ko‘rsatgichlari bilan o‘rnak bo‘lgan xodimlarga ish haqiga qo‘shimcha ravishda 6 foizlik ustama to‘lanishi aytilgan edi.

Mavzuga oid