O‘zbekiston | 22:07 / 06.08.2020
19733
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi lagerda to‘plangan 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik vatanga qaytarilmoqda

Rossiyada qolib ketgan O‘zbekistonning qariyb 2000 nafar fuqarosi «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning ikkita poyezdi bilan olib kelinadi.

Rossiya Federatsiyasining Samara va Orenburg oblastlarida, Qozog‘iston bilan chegaradan o‘ta olmay to‘planib qolgan 2 ming o‘zbekistonlik maxsus poyezdlarda O‘zbekistonga olib kelinadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma'lumot berdi.

«Bugun, 6 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya–Qozog‘iston davlat chegarasidan o‘tkazish masalasi bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan,  O‘zbekiston fuqarolarini yo‘lovchi poyezdlari orqali olib kelish jarayoni boshlandi», deyiladi xabarda.

Toshkent–Buzuluk–Toshkent yo‘nalishidagi poyezd 918 nafar yo‘lovchi bilan bugun tunda O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqadi.

Toshkent – Kinel – Toshkent yo‘nalishidagi poyezd esa 7 avgust kuni 918 nafar yo‘lovchilar bilan tushdan so‘ng harakatlanishni boshlaydi.

Ushbu reys chiptalari faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Buzuluk va Kinel vokzallarida sotilgan. Buzuluk-Toshkent yo‘nalishidagi chiptalar narxi 1 mln 287 ming so‘m (9.259 rubl), Kinel-Toshkent – 1 mln 357 ming so‘m (9.761 rubl)ni tashkil etgan.

Yo‘l davomida yo‘lovchi poyezdlar faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya'ni stansiya-vokzallarda yo‘lovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezdlar O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

«Ushbu reyslarda olib kelingan yo‘lovchilar poyezdlardan tushishi bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi. Aynan shu jihatni inobatga olgan holda yo‘lovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olish maqsadida vokzalga tashrif buyurmasliklarini so‘rab qolamiz. 

Eslatib o‘tamiz, ko‘rilayotgan karantin choralari sababli, MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar O‘zbekistonda ham joriy etilgan va ular O‘zbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmagunicha amaldagi kuchga ega.

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida mazkur yo‘nalishda tashkil etilgan poyezdlarga chiptalar turli korrupsion sxemalar orqali sotilish holatlari kuzatilayotgani to‘g‘risida asossiz xabarlar tarqalmoqda. Transport vazirligi yo‘lovchilardan bordi-yu, chiptalarni xarid qilish vaqtida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishi bilan bog‘liq vaziyatlarga duch kelgan taqdirda vazirlikning 1167 qisqa raqamli ishonch telefoniga, shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llar«» AJ (71) 299-94-50  ishonch telefoniga murojaat etishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonning koronavirus pandemiyasi tufayli davlat chegaralarini yopgani oqibatida vatanga qayta olmagan.

5 avgust kuni Mash Youtube-kanali Rossiya-Qozog‘iston chegarasida joylashgan migrantlar vaqtinchalik lagerlarida bo‘lib, lagerda yashayotgan yuzlab o‘zbekistonliklar yordam so‘rayotgani haqida xabar bergandi.

Shuningdek, Rossiyaning Samara viloyatida qolib ketgan qariyb 500 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytish uchun Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishga uringani to‘g‘risida xabar berilgandi. Keyinroq Orenburg viloyati rasmiylari O‘zbekiston fuqarolari 6 avgust kuni chegarani kesib o‘tishlari mumkinligi to‘g‘risida ma'lum qilgan.

Iyul o‘rtalarida chegara yaqinidagi chodirlarda minglab o‘zbekistonliklarning qolib ketgani haqida xabarlar berilgandi. Ular ham poyezd orqali vatanga qaytarilgan.

Mavzuga oid