Jamiyat | 12:01 / 07.08.2020
4572
4 daqiqa o‘qiladi

26,8 ming kishiga 11,5 mlrd so‘m miqdorida ishsizlik nafaqasi to‘lab berildi – Vazir

Bugun, 7 avgust kuni Oliy Majlis Senatining videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tayotgan oltinchi yalpi majlisida «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ishsiz deb e'tirof etish va ishsizlik nafaqasi tayinlashni onlayn tarzda shaffof tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«Pandemiya davrida ishsizlik nafaqalari tayinlash dolzarb masalaga aylangan. Chunki karantin davrida ko‘plab hududlardagi korxonalar vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bunda asosan norasmiy sektorda faoliyat yurituvchi fuqarolar juda ham ko‘p aziyat chekishdi.

Vazirlik qoshidagi «Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi»dan ishsizlikka subsidiyalar tayinlash mexanizmi belgilangan. Avvalgi tartib bo‘yicha ishsizlik nafaqasini tayinlash bandlikka ko‘maklashish markaziga 8ta turdagi hujjatlarni taqdim qilish va 11 kun muddat etib belgilangan edi. Respublika maxsus ishchi komissiyasi qaroriga asosan taklif kiritib, hujjatlar tarkibini 3ta hujjatga tushirdik, karantin davrini hisobga olgan holda ishsizlik nafaqasini 3 kun muddatda tayinlashni ko‘rib chiqdik.

1 avgust holatiga barcha hududlar bo‘yicha 26 ming 800 nafar vaqtinchalik ishini yo‘qotgan fuqarolar ishsiz toifasiga kiritilib, 11,5 mlrd so‘m miqdorida ishsizlik nafaqasi to‘lab berildi. Jamg‘armada shu yo‘nalishga yo‘naltirilgan yana 16 mlrd so‘m mablag‘imiz bor. Mahalliy organlar bilan birgalikda hududlardan talabnomalarni yig‘dik, yana qariyb 28 ming nafar ishsiz fuqarolarga 1-2 oy ichida ishsizlik nafaqalarini berishni reja qilganmiz», deya Nozim Husanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Nozim Husanov pandemiya davrida aholini ish bilan ta'minlash borasida ko‘rilgan tezkor amaliy choralar haqida ham axborot bergan.

«2020 yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, 617 ming nafar fuqaroning bandligi ta'minlandi. Shundan 506 ming nafari aynan pandemiya davriga to‘g‘ri keldi.

Tashqi migratsiyadan qaytgan va xorijga ishga keta olmagan fuqarolarga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilindi. Jumladan, fuqarolarga eng kam ish haqining 3 baravaridan 30 baravarigacha miqdordagi mablag‘ shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish uchun berildi. Hozirgacha 25 ming oila ish bilan ta'minlanib, buning uchun 54 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi», dedi vazir Senatning 6-yalpi majlisida.

Qayd etilishicha, Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasi o‘rganilib, aholi eng kam ish haqining 10 baravarigacha bo‘lgan mablag‘ asosida iqtisodiy qo‘llab-quvvatlandi. Natijada 3 oy ichida 318ta kooperativ tashkil qilinib, 16 ming kishi mehnatga jalb qilindi. Buning uchun jami 26 mlrd so‘m pul sarflangan.

«Yil yakunigacha yana 327ta kooperativ tashkil qilish va ularga 17 ming nafar aholini jalb qilish rejalashtirilgan. Bunday kooperativlarning17tasi hunarmandchilikka asoslanib, xotin-qizlarni birlashtiradi.

O‘z-o‘zini band qilish yo‘nalishlari 24tadan 67taga ko‘paytirildi. Shuningdek uning to‘lovi 1 million 50 ming so‘mdan 115 ming so‘mga tushirildi. Hozirda respublikada 201 ming nafar fuqaro o‘z-o‘zini band qilgan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 50 ming nafarga yetishi kutilmoqda», deyiladi vazir hisobotida. 

Mavzuga oid