Jahon | 23:18 / 07.08.2020
35866
6 daqiqa o‘qiladi

Bayrut portlashi: fitna nazariyalari ijtimoiy tarmoqlarda qanday tarqaldi?

Livan poytaxti Bayrutdagi portlashdan so‘ng bu haqdagi xabarlar tezda butun dunyoga yoyildi. Ushbu xabarlar bilan bir qatorda, Bayrut aholisi tomonidan suratga olingan videolar ham tarqaldi. Videolardan keyin esa portlash sabablari haqidagi mish-mishlar Twitter va WhatsApp’dagi guruhlarda «urchiy» boshladi. Xo‘sh, bu mish-mishlar qanchalik haqiqatga yaqin? Qanday yolg‘on ma'lumotlar tarqalib ulgurdi?

Pirotexnikadan tortib to yadroviy bombagacha

Bayrutdagi portlashlar aks etgan videolar tarqatilishi asnosida aytilgan birinchi fikr portlash pirotexnika ishlab chiqarish fabrikasida sodir bo‘lgani haqidagi farazlar bilan bog‘liq edi. Bu haqda ko‘plab tvitlar yozildi.

Pirotexnika ishlab chiqarish fabrikasida portlash sodir bo‘lishi mumkinligi haqidagi da'vo garchi mantiqiy ko‘rinsa-da, portlash paytida bulut paydo bo‘lgani tufayli voqea yadroviy bomba tufayli yuzaga kelgan, degan taxminlar ham o‘rtaga chiqdi.

Portlash «atom bombasi» tufayli ro‘y bergani da'vo qilingan va keyinchalik o‘chirib tashlangan bir tvit 100 mingdan ortiq a'zosi bo‘lgan tvitter akkaunti tomonidan ommaga e'lon qilindi va minglab retvit hamda «layk»larga sabab bo‘ldi.

Qurol bo‘yicha mutaxassislar esa yadro quroli natijasida portlash yuzaga keladigan bo‘lsa, ko‘r qilib qo‘yuvchi bir oq nur va odam tanasini kuydiruvchi issiqlik to‘lqini paydo bo‘ladi, deb aytishdi.

Bundan tashqari, qo‘ziqorin shaklidagi tutunlar yadro bombalariga xos emasligi ham ta'kidlandi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bunday bulutlar nam havoni siqib chiqarish natijasida hosil bo‘lib, suvni zichlashtiradi va bulut hosil qiladi.

«Bomba yoki raketa hujumi»

Yadro bombasi haqidagi ba'zi asossiz da'volarni ilgari surganlaring ba'zilari esa AQSh, Isroil yoki «Hizbulloh»ni aybdor sifatida nishonga oldi. Bu kabi xabarlar ham bir necha noxolis saytlar va bir qancha jamoat arboblari tomonidan tarqatildi.

Strategik muloqot institutining tadqiqotiga ko‘ra, o‘ng qanot guruhlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan fitna nazariyalari Facebook, 4chan, Reddit va Telegram kabi xabar almashish dasturlarida ham tarqatilgan.

Ushbu xabarlarda asosan Isroilning hujumi yoki Bayrutdagi qurol saqlash omboriga «Hizbulloh» tomonidan raketa hujumi uyushtirilgani sababli portlash yuzaga kelgani haqidagi yolg‘on da'volardan iborat edi.

Strategik muloqotlar instituti mutaxassisi Xloya Kolliver BBC’ga «Biz portlash ortida Isroil yoki boshqa davlatlar turganini ilgari surgan o‘ng qanot veb-saytlari va boshqa manbalar mavjudligini ko‘rdik», dedi.

Livan va Isroil rasmiylari Isroilning bu hodisaga aloqadorligi xususidagi ayblovlarni rad etishdi.

O‘ngchi fitna nazariyotchilari, shu jumladan, AQSh prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruh tomonidan himoya qilingan Qanon (keng qamrovli fitna nazariyasi bo‘lib, u bir qator o‘ng qanot ekstremistlar va hatto prezident Trampning ba'zi jamoat tarafdorlari orasida mashhurdir) tarafdorlari ham portlash haqidagi yolg‘on da'volarni Facebook’da bo‘lisha boshladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ba'zi xabarlar esa Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning BMTdagi nutqiga asoslangan holda tarqatildi. Bu da'vo Netanyaxuning BMTda Bayrut xaritasini qo‘lda tutgan holda nutq qilgani bilan bog‘liq edi.

Shu sababli, ba'zi ijtimoiy media foydalanuvchilari bu holatni «portlashda Isroilning qo‘li borligining dalili» sifatida baholadi.

Postlarda Netanyaxuning surati o‘zgartirilmadi, ammo kontekst mazmuni yo‘qqa chiqarildi.

2018 yildagi nutq jarayoni aks etgan mazkur suratda Netanyaxu Bayrutda «Hizbulloh»ning qurol yashirganini iddao qilar ekan, boshqa bir mintaqaga ishora qilmoqda.

Portlash nuqtasi esa Netanyaxu tomonidan «1-hudud» deb ko‘rsatilgan mintaqadan bir necha kilometr shimolda joylashgan.

Trampning izohlari

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy matbuot anjumanida portlash haqida fikr bildirar ekan, «dahshatli hujum» so‘zlarini qo‘lladi. Bu esa o‘z navbatida ushbu portlash xuruj oqibatida yuzaga kelgan, degan mish-mishlarni kuchaytirib yubordi.

Strategik muloqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda portlash terrorchilik hujumi yoki bomba tufayli yuzaga kelgan degan da'voning ortida o‘ng guruhlar turgani ma'lum bo‘ldi.

Telegramda tarqatilgan bir xabarda esa Tramp tomonidan «dahshatli bir terroristik hujum» iborasi ishlatilgani iddao qilindi. Vaholanki, Tramp «dahshatli hujum» so‘zlarini ishlatgandi.

Strategik muloqot instituti mutaxassisi Xloya Kolliver Tramp bilan bog‘liq ushbu da'volar haqida «Biz Trampning bayonotidagi «hujum» so‘zi fitna nazariyotchilari va ularning da'volarini 24 soat ichida naqadar kuchaytirib yuborganiga guvoh bo‘ldik. Ya'ni tang vaziyatlarda noto‘g‘ri ifodalarni qo‘llash yoki noto‘g‘ri aloqa qurish qanchalar xavfli ekani yana bir bor o‘z isbotini topdi», dedi.

Trampning ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu sharhlaridan so‘ng yana asossiz ayblovlar paydo bo‘ldi, chunki endi AQSh ushbu «hujum»dan, aslida, avvaldan xabardor bo‘lgan, degan fikrlar ilgari surila boshladi.

Shuni ta'kidlash joizki, tezkor xabarlar internetda yolg‘on ma'lumotlarning tarqalishiga imkon yaratishi mumkin. Shu bois axborotni tarqatishdan oldin uni tekshirish juda muhim ahamiyatga ega.

Mavzuga oid