O‘zbekiston | 11:24 / 07.08.2020
5014
4 daqiqa o‘qiladi

Biznes oliy maktabini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasi 30.07.2020 yildagi “Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  460-son qarorni qabul qildi.

Prezidentning 26.03.2020 yildagi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5975-son Farmoni bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi hamda SSP huzuridagi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi va uning hududiy filiallari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga o‘tkazilgan hamda ularning negizida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil etilgan.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagilar Oliy maktabning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga zarur bo‘lgan boshqaruv kadrlari, shu jumladan oliy ta'lim, oliy ta'limdan keyingi ta'lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
  • kichik biznes va tadbirkorlik, raqamli iqtisodiyot, raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish, marketing, menejment va iqtisodiyotning talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlarni, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
  • iqtisodiyotda erkin raqobat muhitini shakllantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, tovar va moliya bozorlarida monopol mavqega ega bo‘lgan korxonalarga qo‘llanilgan imtiyoz va preferensiyalar samaradorligini baholab borish va tegishli masalalar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish;
  • xalqaro e'tirof etilgan xorijiy oliy o‘quv yurtlarining yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, korporativ va loyiha boshqaruvi hamda boshqa sohalarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikda dasturlarni (joint programs) amalga oshirish;
  • aholining tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan qatlamlarini hamda tadbirkorlarni biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha qisqa muddatli pulli, xususan, keyinchalik bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan o‘qitishni tashkil etish;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari orqali kredit olishni mo‘ljallagan aholi qatlamlari uchun qisqa muddatli o‘qitishni tashkil etish;
  • aholi hamda tadbirkorlarga tadbirkorlik va biznesga oid o‘quv materiallarini (jumladan, elektron shaklda) tayyorlash.

 Qaror bilan:

  • Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining tuzilmasi;
  • Oliy maktabning Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi hududiy filiallarining namunaviy tuzilmasi;
  • Oliy maktabning Vasiylik kengashi tarkibi;
  • Oliy maktab magistraturasiga o‘qishga qabul qilish va uni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Oliy maktab magistraturasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi davlat diplomining namunasi;
  • Oliy maktabning qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikat namunasi tasdiqlandi.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi Oliy maktabning muassisi hisoblanadi va u oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. Maktab direktori va uning o‘rinbosarlari iqtisodiy taraqqiyot vazirining buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
 
Qaror bilan Oliy maktab faoliyatini moliyalashtirishning manbalari va faoliyatini tashkil etishning boshqa masalalari belgilangan.
 
Hujjat 30.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid