O‘zbekiston | 08:20 / 07.08.2020
1119
4 daqiqa o‘qiladi

Muvofiqlikni baholash bo‘yicha vakolatli organlar reyestrga kiritiladi

Vazirlar Mahkamasi Sinov laboratoriyalarining texnik jihatdan malakaliligini ma'qullash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqladi.

Hujjat Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish va sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish to‘g‘risida" 2019 yil 15 avgustdagi PQ-4419-son qarorini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan.
 
Qaror bilan quyidagilar belgilandi:
 
a) texnik jihatdan malakaliligini ma'qullash (ma'qullash) faqat quyidagi sinov laboratoriyalariga nisbatan amalga oshiriladi:
 
shaxsiy (ishlab chiqarish) ehtiyojlari uchun o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar va/yoki kirib kelayotgan xomashyo, materiallar yoki tayyor mahsulotlarni sinovdan o‘tkazuvchi ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilar laboratoriyalari;

mahsulotlar, ishlab chiqarish jarayoni va xizmatlarni sertifikatlashtirish jarayonida ishtirok etishga da'vo qilmaydigan laboratoriyalar;
 
b) qonunlar, Prezidentning va (yoki) Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan ma'lum bir soha yoki yo‘nalishdagi mahsulotlar, ishlab chiqarish jarayonlari va xizmatlarning muvofiqligini baholash ishlarini olib borish uchun vakolatli etib belgilangan davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar huzurida tashkil etiladigan muvofiqlikni baholash organlari muvofiqlikni baholash bo‘yicha vakolatli organlar hisoblanadi. Ularga yuklangan vazifalar va fuksiyalarga bog‘liq ravishda belgilangan tartibda ma'qullash yoki akkreditatsiya tartib-taomilidan o‘tadilar;
 
v) muvofiqlikni baholash bo‘yicha vakolatli va ma'qullangan organlarning reyestrini yuritish va yangilash O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi "Akkreditatsiya markazi" davlat unitar korxonasiga yuklanadi;
 
g) laboratoriyalar uchun ma'qullash tartibidan o‘tish ixtiyoriydir, ushbu qarorda nazarda tutilgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida majburiyligi belgilangan holatlar bundan mustasno.
 
Shuningdek, quyidagilar belgilandi:

muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlar idoraviy mansubligidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan va faoliyati ixtisosligi turidan qat'i nazar akkreditatsiyadan o‘tishdan manfaatdor bo‘lsalar, akkreditatsiyadan o‘tish huquqiga egadirlar;

amaldagi akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomalar laboratoriyalarning yozma murojaatlariga asosan texnik jihatdan malakaliligini qo‘shimcha baholamasdan ularning amal qilish muddatiga ma'qullash to‘g‘risidagi guvohnomalarga bepul qayta rasmiylashtirilishi mumkin;

milliy akkreditatsiya tizimining belgisidan foydalanish, shuningdek, akkreditatsiyaga havola qilish huquqi faqat akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarga beriladi.
 
"O‘zstandart" agentligi bir oy muddatda muvofiqlikni baholash bo‘yicha vakolatli organlarning reyestrini shakllantirish va keyinchalik O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi "Akkreditatsiya markazi" DUKning rasmiy saytida e'lon qilish topshirildi.
 
Shuningdek, Nizomda:

  • ma'qullash talablari va shartlari;
  • laboratoriyalarni ma'qullash tartibi;
  • ma'qullash to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tiklash, tugatish, uni qayta rasmiylashtirish tartibi;
  • ma'qullash to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi;
  • ma'qullash sohasini kengaytirish va qisqartirish;
  • Markaz xizmatlari uchun haq to‘lash tartibi;
  • ma'qullangan laboratoriya hujjatlarini dolzarblashtirish;
  • apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish yozilgan.

Hujjat 29.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid