Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qiynoqqa solish va g‘ayriinsoniy muomala holatlari bo‘yicha IIV va Bosh prokuraturaga parlament so‘rovi yuboriladi
Oliy Majlis Senati Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash kabi jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qildi.
Yuqori palataning 6-yalpi majlisida qayd etilishicha, tahlillar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan noqonuniy ta'sir choralari amaliyotda uchrayotganini ko‘rsatmoqda.
Senator Botir Matmuratov qiynoqqa solish holatlari statistikasi haqida ma'lumot berdi.
«Mazkur masalalar bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) nomiga 2017 yilda 24ta, 2018 yilda 101ta, 2019 yilda 138ta va 2020 yilning 25 may holatiga 40ta murojaat kelib tushgan. Vakil nomiga kelib tushayotgan shikoyatlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Ushbu murojaatlarning barchasi nazoratga olingan holda ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga va Ichki ishlar vazirligiga yuborilgan.
Biroq yuborilgan murojaatlarning bir qismi yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari haqida ma'lumotnomalar vakilga taqdim etilmay kelmoqda.
Bosh prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat idoralari xodimlari hamda boshqa shaxslar Jinoyat kodeksining 235-moddasida (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash haqida) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi natijasida 96 nafar shaxsga nisbatan jami 25ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz jazo turlarini qo‘llaganlik uchun 2017 yilda 8 nafar, 2018 yilda 4 nafar va 2019 yilda 6 nafar huquqni muhofaza qilish organi xodimi javobgarlikka tortilgan», dedi u.
Qayd etilishicha, qiynoqqa solish amaliyotining haligacha uchrayotgani O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, O‘zbekiston Jahon bankining boshqaruv sifati indikatorlarining siyosiy barqarorlik va zo‘ravonlik yo‘qligi subindikatori bo‘yicha 212ta davlat orasida 136-o‘rinni egallamoqda. «Jahon odil sudlov loyihasi» xalqaro nohukumat tashkilotining huquq ustuvorligi indeksining asosiy (fundamental) huquqlarning ta'minlanganligi indikatori bo‘yicha esa 128ta mamlakat orasida 110-o‘rinni egallab turibdi.
Mavzuga oid
12:23 / 28.05.2025
Hayvonlarni identifikatsiya qilish jarayonlari tartibga solinadi
16:22 / 01.05.2025
Yerosti suvlaridan hisoblagichsiz foydalanganda soliq to‘lovi besh barobar oshiriladi
16:21 / 30.04.2025
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi
13:00 / 30.04.2025