O‘zbekiston | 08:10 / 07.08.2020
11541
3 daqiqa o‘qiladi

Sovuq qurol olib yurganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda

Jinoyat kodeksiga badanga qasddan qurol va qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib, og‘ir yoki o‘rta og‘ir darajada shikast yetkazish ham javobgarlikka asos bo‘lishi belgilanmoqda. 

2020 yil 4 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining videomuloqot shaklidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a'zolari “Jamoat xavfsizligini ta'minlash choralari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini keng muhokama etishdi.

Loyihaga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga badanga qasddan qurol va qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib, og‘ir yoki o‘rta og‘ir darajada shikast yetkazish ham javobgarlikka asos bo‘lishi belgilanmoqda. Mazkur kodeks sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish, ulardan foydalanishni taqiqlovchi yangi moddalar bilan to‘ldirilmoqda.

Fraksiya a'zolari jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta'minlashda keyingi vaqtlarda bot-bot kuzatilayotgan tanaga turli darajada tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishda, bu borada javobgarlikni belgilash muhim masala ekanini ta'kidlashdi.

Shu bilan birga, deputatlar qonun loyihasining ayrim me'yorlari bo‘yicha qat'iy savollar qo‘yishdi. Jumladan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni kasbiy faoliyat, sport faoliyati yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq holda jamoat joylarida, shu jumladan, barcha turdagi jamoat transportlarida ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida kiritilayotgan me'yor e'tiroz keltirib chiqardi.

Bu me'yor kodeksga kiritilishi ko‘ngilsizliklarning oldini olish bilan birga, turli anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarishi, o‘rinsiz jarimalar belgilanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, huquq-tartibot idorasi xodimi fuqaroni qanday qilib bo‘lsa-da javobgarlikka, jarimaga tortish uchungina bu moddadan foydalanishi ham mumkin. 

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid