O‘zbekiston | 08:49 / 07.08.2020
27042
3 daqiqa o‘qiladi

Transport vazirligi turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan charter reyslar nega qimmat ekanini tushuntirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijdagi fuqarolarni O‘zbekistonga olib kelish maqsadida tashkil etilayotgan charter aviareyslar chiptalari xususiy kompaniyalar tomonidan to‘liq sotib olinayotgani va qimmat narxlarda yo‘lovchilarga sotilayotgani yuzasidan turli xabarlar tarqaldi. 

Transport vazirligi ma'lum qilishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar to‘xtatilgan. Xorijdagi fuqarolarni Vatanga olib kelish uchun esa Pespublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq repatriatsion reyslar tashkil etilmoqda.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 7 iyuldagi 33-son bayoniga muvofiq “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasiga(dan) yo‘lovchi tashish bo‘yicha xalqaro aviatashuvlarni tashkil etish to‘g‘risida” vaqtinchalik tartib tasdiqlangan. Mazkur tartibga muvofiq karantin davrini faqatgina mehmonxonalarda o‘tkazish sharti bilan turoperatorlar yoki aviakompaniyalarning murojaatiga asosan O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni sanitariya-epidemiologiya talablariga qat'iy rioya qilgan holda oldindan fuqarolarni mehmonxonagacha kuzatuv va mehmonxonada joylashtirish xizmatlarini tashkil qilish hisobiga respublikaning barcha xalqaro aeroportlari orqali yetkazib kelish bo‘yicha charter qatnovlarini tashkil qilishga ruxsat berilgan. 

Bunday tijoriy parvozlarning amalga oshirilishi ham bevosita Respublika maxsus komissiyasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turoperatorlar tomonidan mamlakatga olib kelinayotgan yo‘lovchilarning karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda mehmonxonaga joylashtirilishini to‘liq nazorat qiladi. Turoperatorlar tomonidan aeroport va chegara o‘tkazish punktlari orqali tashkil qilinayotgan tashish va 10 kunlik karantinga joylashtirish xizmatlari uchun to‘lovlar oldindan kelishilishi belgilangan. 

Turoperatorlar va aviakompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan charter qatnovlarining Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq tashkil etilayotgan repatriatsion reyslarga aloqasi yo‘q. 

Turoperatorlar va aviakompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan charter reyslarining nisbatan qimmatligi quyidagi omillar bilan bog‘liq:

  • qatnov amalga oshirilayotgan davlatning talabi bilan aksariyat hollarda parvozning bir tomonga bo‘sh (yo‘lovchilarsiz)amalga oshirilayotgani;
  • samolyotlarning ijara puli;
  • yo‘nalish masofasi va nechta davlatlar havo kenglik hududlaridan uchib o‘tishi;
  • aeronavigatsion xizmatlar;
  • aeroport yer usti xizmatlari va yig‘imlari;
  • olib kelingan yo‘lovchilarni aeroport hududidan mehmonxonaga transportda yetkazib qo‘yish;
  • mehmonxonada karantin qoidalariga rioya etgan holda bo‘lishni nazorat qilishni tashkil etish;
  • tibbiy va sanitariya xizmati xarajatlari;
  • PZR test sinamalarini olish qiymati va boshqa moliyaviy xarajatlar. 

Mavzuga oid