O‘zbekiston | 00:07 / 09.08.2020
15840
5 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: O‘zboshimchalik bilan davolash bemor uchun ham, shifokor uchun ham xatarli

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori Botir Tojiyev bilan suhbatimiz bugungi kunda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan "o‘zboshimchalik bilan davolash uchun amalga kiritilayotgan jazo” bo‘yicha bo‘ldi.

– Botir Mirhoshimovich, nega “o‘zboshimchalik bilan davolash uchun jazo” amaliyoti yo‘lga qo‘yildi?

– Dastavval koronavirusdan kasallanishlar soni keskin oshishi natijasida tibbiyot muassasalariga murojaatlar ham shunga barobar ravishda o‘sib ketgandi. Kerakli choralar ko‘rildi, katta masshtabda bemorlarni qabul qila oladigan markazlar ketma-ket ishga tushirildi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ham koronavirusdan kasallangan bemorlarni qabul qilishga ruxsat berildi. Natijada bemorlarni qabul qilish uchun yetarlicha moddiy-texnik, tibbiy va mutaxassislar zaxirasi shakllantirib olindi. Uyda davolanayotgan, shifokorga murojaat qilmay yurgan bemorlarni ham to‘la qamrab olishga imkoniyat yaratildi. Shunga qaramasdan aholi orasida bunday holatlar hanuz davom etmoqda. Aksariyat bemorlar kasallikni o‘tkazib, ahvoli og‘irlashgach, mutaxassislarga murojaat qilyapti. Masalan, ayni paytda bizning klinikamizda 155 nafar bemor davolanayotgan bo‘lsa, ularning 12 nafari o‘ta og‘ir, 67 nafari esa o‘rta og‘ir ahvolda. Tahlil qilinganda ularning aksariyati aniq ko‘rsatmalarga zid tarzda davolanganligi ayon bo‘ldi.

Bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining shu yil 6 avgust kuni koronavirusga qarshi kurashish uchun alohida buyrug‘i qabul qilindi. Bu ayni muddao bo‘ldi. Nega? Chunki endi koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida in'yeksion va infuzion voitalarni qo‘llab davolash va muolaja qilish qat'iy taqiqlandi. Buyruqqa bo‘ysunmagan shifokor va hamshiralar javobgarlikka tortilishi belgilandi. Shu bilan birga, koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilgan xususiy klinikalar davolash standartlarini buzsa, litsenziyasi sud orqali bekor qilinadigan bo‘ldi.

– Bemorni belgilangan protokollar asosida uyda davolaganlar ham javobgarlikka tortilishi mumkinmi?

– Odamlar hatto oddiy hamshiraning tavsiyasini olib, uyda davolanishga urinmoqda. Kim yozgani noma'lum bo‘lgan retseptlarni internetdan olib, qo‘llab ko‘rganlar bo‘lyapti. Holbuki xalqimizda “chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin” degan maqol bor.

O‘ylab qoladi kishi, axir qo‘lida tibbiyot sohasi diplomi bo‘lgan har kim koronavirusni davolash bo‘yicha tavsiya beraveradimi? Hatto malakali olim bo‘lsa ham koronavirus uning ilmiy yo‘nalishiga aloqasi yo‘q bo‘lishi mumkin-ku.

COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha ko‘rsatmalar yangilanib borilyapti, vazirlikning alohida buyruqlari qabul qilinyapti.

Tabiiyki, bu moddiy manfaat ortidan bemorlarning hayotini xavfga qo‘yib, unga o‘z bilganicha dori yozib berayotgan tibbiyot xodimlariga yoqmasligi mumkin. Ammo o‘zboshimchalik bilan davolash javobgarlikka asos bo‘ladi.

– Bu qarorga kelinishiga nima turtki bo‘ldi va bu chora bemorlar yana kerakli muolajalarsiz qolishlariga sabab bo‘lmaydimi? Axir shifokorlar endi hatto maslahat berishdan ham bosh tortishlari mumkin-ku, qolaversa, hozircha pandemiya susaydi deya olmaymiz.

– Oddiy misol, uyda osma ukol olish, in'yeksion va infuzion vositalardan foydalanish mumkin emasligi aniq ekan, unda kim ularni odamlarga tavsiya qilyapti, kim ularni bemorlarda qo‘llayapti? Albatta, qaysidir hamshira yo shifokorning qo‘li bor bo‘ladi bunda. Ammo ularning hech biri bemorning taqdiriga javob bera olmaydi, yozgan retseptining ostiga imzo qo‘yishga ham qo‘rqadi. Agar mas'uliyati bo‘lganda “mana, men davolayman bemorni”, deb koronavirusga ixtisoslashgan muassasalarga kelishardi.

Meni eng hayron qoldiradigan jihati shuki, butun dunyo birinchi marta duch kelib turgan, hali biror tibbiyot olimi chuqur tadqiq qilib ulgurmagan kasallikka qarshi qanday qilib qo‘rqmasdan tavsiya yozib berishadi, bu ham yetmagandek, sohaning tepasida turgan olimlar va amaliyotda u bilan yuzma-yuz kelgan shifokorlar ishlab chiqqan tavsiyalarni tan olmaslikka urinadi?

Holbuki, tegishli ko‘rsatmalarda qaysi doridan foydalanmaslik, qay birini qancha dozada qo‘llash bo‘yicha aniq tavsiyalar bor. Shularga amal qilish kerak, tamom. O‘zboshimchalik bemor uchun ham, davolovchi shifokor uchun ham xatarli.

Xavotirga o‘rin yo‘q, yetarlicha koykalar tayyorladik va tayyorlashda davom etmoqdamiz. Barcha bemorlarni qamrab olishga kuchimiz yetadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid