Shifokorlar nobud bo‘lmoqda, qanday chora bor?
Pandemiya quloch yoygani sari u keltirib chiqarayotgan muammolar ham bo‘y ko‘rsatyapti. Qiyin vaziyatga tushgan tibbiyot tizimi bugun yana bir muammoga duch kelgan – kurash jarayonida shifokorlar nobud bo‘lmoqda.
Albatta, har qanday jangda askarlar qurbon bo‘lishi tabiiy. Tibbiyot xodimi ham inson, Allohning bir bandasi. Qolaversa, shifokorlar ham shu davlatning oddiy fuqarolari qatorida, bir qarashda ularning ham kasallikdan vafot etishida g‘ayritabiiylik yo‘qdek.
Ammo tanganing ikkinchi tarafi ham bor – bir shifokor bugungi jarayonda o‘rta hisobda 50-60 (ba'zan 100) nafargacha bemorning sog‘ligi uchun kurashadi. Endi uning safdan chiqishi (yoki Xudo saqlasin, vafot etishi) malakali mutaxassislarga nihoyatda kuchli ehtiyoj bo‘lib turgan bugungi kunda katta yo‘qotish bo‘ladi va uning o‘rnini to‘ldirishning amalda imkoni bo‘lmay qoladi.
Misollarga e'tibor qarataylik:
1. Samarqand shahri 1-klinik shifoxonasi yetakchi shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor, kafedra mudiri Ne'matilla Aralov uzluksiz faoliyati davomida shu kasallikka chalingan va 62 yoshida vafot etgan. Bir inson professor darajasiga yetgunicha necha yillar kerak, ammo murakkab dard bir necha kundayoq o‘z ishini qildi;
2. Toshkent shahri Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova ham 62 yoshida COVID-19'dan vafot etdi. Shifokorning o‘limi hatto rasman e'lon qilinmagan va umumiy ro‘yxatga qo‘shilmagan;
3. Respublika ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi torakal xirurgiya bo‘limi boshlig‘i Odiljon Ne'matov 43 yoshida vafot etdi. Ortidan 5 farzandi qolgan umidli va yosh mutaxassis faoliyati davomida juda ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajargan. Ammo aynan o‘pka kasalligi shifokorning hayotiga nuqta qo‘ydi;
Hozir bunday misollarni ko‘plab keltirish, har bir viloyatdan topish mumkin. Ammo masalaning yechimi marhum shifokorlarning sonini aniqlashda emas.
Tibbiyot xodimlarining o‘zi tibbiy yordamga muhtoj bo‘layotganiga oid vaziyat shu qadar jiddiylashganki, hatto ijtimoiy tarmoqlarda vafot etganlarning ro‘yxatlari e'lon qilingan, bu kasallikka chalingan vrachlarni alohida klinikaga joylab davolash taklifi ham ilgari surilgan.
Hokim minglab chaqirimdan alohida samolyot bilan olib kelinganida shifokorlar hech bo‘lmasa o‘z hududlarida alohida davolanishlarida mantiq bordek. Ichki ishlar kabi tizimlarning o‘z shifoxonalari bor, ammo bo‘zchi bo‘zga yolchimaganidek bugun shifokor o‘zining sohasiga qattiq muhtoj bo‘lib turibdi.
Yuqorida aytilganidek, qonun jihatdan balki shifokorlar alohida e'tiborga molik emasdirlar. Ammo ularni yo‘qotish vaziyatni yanada chuqurlashtirib yuborishni anglatadi va bu masala Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda tegishli tashkilotlarning muhokamasiga arziydi.
Zero keyin kech bo‘lishi mumkin!
Abror Zohidov
Mavzuga oid
18:33 / 26.11.2024
“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis
03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi
10:02 / 31.01.2023