Jahon | 18:26 / 11.08.2020
7797
2 daqiqa o‘qiladi

Audi S3 modelining yangi avlodi taqdim qilindi

Audi kompaniyasi S3 modelining yangi avlodini taqdim qildi. Sedan va hetchbek ko‘rinishidagi modellarining o‘lchami kattalashdi, tashqi ko‘rinishi o‘zgardi va yangi motorga ega bo‘ldi. Ilk avtomobillar oktabr oyida sotuvga chiqariladi.

Foto: Audi

Audi S3 Sportback va S3 Sedan modelini 6 burchakli Singleframe panjarasi orqali tanib olish mumkin. S3 modellarining avvalgi avlodiga nisbatan yangi avtomobillarning o‘lchami kattalashgan. Sportback modifikatsiyasi 3 santimetrga uzaygan, «sedan» esa 4 santimetrga. Yangi S3 modellarini bazaviy 18 dyuymli yoki qo‘shimcha to‘lov orqali 19 dyuymli g‘ildiraklar bilan xarid qilish mumkin.

Yangi modifikatsiyalar saloni alyumin va karbon qo‘shimchalarga ega tabiiy teri bilan bezalgan. 10,25 dyuymli pribor paneli o‘rnatilgan. Bundan tashqari, Wi-Fi ulanish nuqtasi va yo‘llardagi holatni bashorat qilish texnologiyasi bilan boyitilgan. Yana bir o‘ziga xos xususiyati - Audi Connect kaliti bo‘lib, avtomobil dvigateli smartfon orqali ishga tushirilishi, eshiklari ochilib, yopilishi mumkin.

Yangi S3 modellariga 2 litrli, 310 ot kuchiga ega TFSI dvigatellari o‘rnatilgan. Avtomobil 7 bosqichli «robot» uzatma qutisiga ega. 100 km/soat tezlikka 4,8 sekund ichida chiqadi. Maksimal tezlik 250 km/soatga teng.

Yangi Audi S3 modellariga Yevropada 2020 yil avgust oyidan buyurtma berish mumkin bo‘ladi. Ilk avtomobillar oktabr oyida dilerlarga yetkaziladi. Germaniyada S3 Sportback narxi 46,3 ming yevrodan (hozirgi valuta kursi bo‘yicha 539 mln so‘m) boshlanadi. S3 Sedan narxi qimmatroq – 47,1 ming yevro (yoki 568 mln so‘m). Shuningdek, savdoga Edition one cheklangan seriyali avtomobillar ham chiqariladi. Ular Python Yellow va Tango Red ranglarida mijozlarga taklif etiladi.

Mavzuga oid