Jahon | 23:33 / 11.08.2020
7158
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyaliklar eng yaxshi «Jyeyms Bond»ni tanlashdi

Britaniya razvedkasi josusi Jyeyms Bond haqidagi filmlar muxlislari turli vaqtlarda Bond rolini aktyorlardan qaysi biri mahoratliroq ijro etganini aniqlashdi. Bondiana muxlislari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berishga ko‘ra, agent 007 rolini hozirda 89 yoshda bo‘lgan aktyor Shon Konneri hammadan ko‘ra mahoratliroq ijro etgan.

Foto: kinopoisk.ru

Bunday so‘rovnomani Radio Times jurnali tashkillashtirgan. So‘rovnomada 14 mingdan ko‘proq kishi qatnashgan. Ovoz berishning 1-turida Shon Konneri Bond rolining ayni vaqtdagi ijrochisi Deniel Kreygni ortda qoldirgan. Final turda esa qariya Konneri boshqa raqiblarini ham ancha farq bilan ortda qoldirgan. Unga 44 foiz muxlislar o‘z ovozini bergan.

2-o‘rinni muxlislarning 32 foiz ovozini olgan aktyor Timoti Dalton egallagan. Yetakchi uchlikdan Pirs Brosnan ham joy olgan, unga 23 foiz ovoz berilgan. Yuqorida nomlari tilga olingan aktyorlardan tashqari, Bond rolini o‘z vaqtida Jorj Lezenbi va Rojyer Mur ham ijro etgan.

Shon Konneri josus 007 rolini birinchi bo‘lib gavdalantirgan. Bond haqidagi ilk film – “Doktor Nou” 1962 yilda ekranlarga chiqqan. Keyingi 9 yil ichida aktyor Bond haqidagi yana 5 filmda suratga tushgan, bular: “Rossiyadan muhabbat ila”, “Goldfinger”, “Sharsimon chaqmoq” operatsiyasi”, “Faqat ikki bor yashaysan” va “Brilliantlar hamisha”. Konneri 1983 yilda Bond rolini ijro etishga qaytib, josus  haqidagi “Hech qachon hech qachon dema” deb nomlangan navbatdagi filmda suratga tushgan.

Avvalroq koronavirus pandemiyasi sababli premerasi ko‘chirilgan Bond haqidagi “O‘lishning mavridi emas” deb nomlangan yangi film 12 noyabrdan ekranlarga chiqishi ma'lum bo‘ldi. Filmda bosh rolni Deniel Kreyg ijro etgan. Josus 007 yangi filmda o‘g‘irlab ketilgan olimni qutqarishi va xavfli texnologik qurolga ega jinoyatchini yengishi kerak bo‘ladi. 

Mavzuga oid