Jamiyat | 16:32 / 11.08.2020
10076
2 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raislarining mutaxassisligi haqida ma'lumot berildi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining ma'lumoti va mutaxassisligi haqida axborot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yil oyida 9093ta fuqarolar yig‘inida raislik uchun o‘tkazilgan saylovlarda 8068 nafar erkak, 1025 nafar ayol saylangan.

«Mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining 5239 nafari oliy, 3620 nafari o‘rta maxsus, 234 nafari o‘rta ma'lumotga ega. Raislarning 164 nafari tegishli viloyat, tuman/shahar kengashlari deputatlari hisoblanadi.

MFY raislarining 791 nafari ta'lim, 35 nafari mahalliy hokimiyat, 5189 nafari mahalla, 787 nafari tadbirkorlik, 396 nafari huquqni muhofaza qilish, 45 nafari sog‘liqni saqlash, 94 nafari nodavlat-notijorat tashkilotlari, 294 nafari qishloq xo‘jaligi, 343 nafari fermer xo‘jaligi, 225 nafari ishlab chiqarish, 54 nafari qurolli kuchlar, 13 nafari tijorat banki, 727 nafari boshqa soha vakillaridir», dedi Boymirzayeva AOKAdagi brifingda.

Vazirlik rasmiysiga ko‘ra, hozirda respublikada mahalla fuqarolar yig‘ini soni o‘tgan yilgiga qaraganda 57taga oshib, 9150taga yetgan.

«Hozirda mahalla fuqarolar yig‘inlari soni 9150taga yetgan. Turli sabablarga ko‘ra va o‘z xohishi bilan lavozimidan ketgan raislar o‘rniga tegishli tartibda o‘tkazilgan saylovlar natijasida boshqa vakillar qo‘yilgan», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgandan beri 300 nafarga yaqin MFY raisi ishdan bo‘shatilgani aytilgan edi.

Mavzuga oid