O‘zbekiston | 16:44 / 11.08.2020
12539
5 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis: «Osma ukol»lardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish virusga emas, organizmga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin

Internetda in'yeksion va infuzion vositalardan, sodda qilib aytganda, osma ukollardan foydalanib uy sharoitida koronavirusdan davolanish bilan bog‘liq chora-tadbirlar bo‘yicha turli mulohazalar paydo bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev masalaga aniqlik kiritish maqsadida Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova bilan suhbat uyushtirdi.

Vazirlik tomonidan qabul qilinayotgan koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rsatma va buyruqlar bilan tanishsiz. Qariyb besh oydan buyon tibbiy frontda turib, bemorlarga amaliy yordam berayotgan shifokor sifatida bu tavsiyalar qanchalik muhim deya olasiz?

— Juda muhim. Shifokorlarimiz kasallanganlarni iloji boricha tezroq aniqlab, davo choralarini ko‘rishga va kasallikning salbiy oqibatlarini imkon qadar qisqartirish uchun harakat qilmoqda. Ammo bu harakatlarni har kim har xil talqin qilayotganini ko‘rib ranjiydi kishi. Masalan, shu yil 6 avgustda qabul qilingan Sog‘liqni saqlash vazirining «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida»gi buyrug‘i atrofida ham shunday gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Buyruqda xammaga aniq va tushunarli qilib, in'yeksion va infuzion vositalardan maxsus kasalxonadan boshqa joyda foydalanmaslik, uy sharoitida ularni qo‘llamaslikka oid tavsiyalar keltirilgan. Masalaning muhimligi shundaki, faqat mutaxassis nazoratisiz davolanishni cheklash nazarda tutilmoqda, xolos.

Osma ukollarni uy sharoitida qo‘llash shunchalik xavflimi? Bu xavf nimalarda ko‘rinadi?

— Kasallik avj olgan paytda organizm a'zolarining faoliyati nisbatan sekinlashadi. Buning ustiga, issiq kunlarda pasayishi kuzatiladigan buyrak filtratsiyasi jarayonini kasallik yanada sustlashtirib yuboradi. Natijada organizmdagi suyuqlikni tashqariga chiqarishda qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Shunday vaziyatda infuzion vositalar orqali vena qon tomirlariga suyuqlik yuborilsa, ular tana hujayralarida yig‘ilib qoladi. Bu bemorning hayoti uchun katta xavf tug‘diradi. Eng achinarlisi, uy sharoitida davolanganda buning salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun imkon bo‘lmay qolishi mumkin. Shuning uchun ham, bu muolajalarni butun dunyoda bo‘lgani kabi maxsus shifoxonalarda, bemorning umumiy holati malakali mutaxassislar nazorati ostida bo‘lganda o‘tkazish so‘ralmoqda. Bu asosli talab, deya qat'iy aytish mumkin.

Lekin bu talab turlicha talqin qilinyapti. Bu shifokorlarning mustaqil faoliyatini cheklashga qaratilgan, degan qarashlar ham bor...

— Menga qolsa, mutaxassisligi bo‘lmagan shifokor bemorga tavsiya bermagani ma'qul. Shunga qaramay buyruqda birorta shifokor koronavirus bo‘yicha maslahat ham, tavsiya ham bermasin degan joy yo‘q. Masala shuki, shifokor o‘zi ko‘rmay-bilmay turib istalgan dorini yozib beraversa, buning oqibatiga kim javob beradi? Sog‘liqni saqlash vazirligining 6 avgustdagi 204-sonli buyrug‘ida tibbiyot xodimlaridan koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha berilayotgan ko‘rsatmalarga zid bo‘lgan amaliyotlarni umuman o‘tkazmaslik aytilgan, xolos.

Uy sharoitida shifokor nazoratisiz davolanib yurgan bemorlar, asosan, kasallikning qaysi darajasida klinikaga murojaat qilmoqda? 

— Yengil yoki simptomsiz shakllarda bemor oilaviy poliklinikadan maxsus biriktirilgan shifokor nazorati ostida uy sharoitida davolanadi. Uning ahvoli o‘rta og‘ir shaklga o‘ta boshlasa, shifoxonaga yotqiziladi. Tajribamdan misol keltirsam, hozirda Virusologiya ilmiy tekshirish institutining klinikasida 150 nafardan ortiq koronavirusdan kasallangan bemor davolanmoqda. Bo‘sh joylarimiz yetarli. Biroq og‘ir ahvoldagi bemorlar sabab 12 o‘rinlik jonlantirish va jadal davolanish bo‘limining sig‘imini 50 o‘ringa yetkazishga to‘g‘ri keldi. Chunki bemorlarning aksariyati kasallikning o‘ta og‘ir shakliga yetib kelgandagina shifoxonaga murojaat qilgan bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi kasallik alomatlari sezilganidan boshlab, bir hafta, o‘n kunlab uyda o‘z bilganicha davolanib yurgan bo‘ladi. Bu bilan ular o‘zlarini ham, biz mutaxassislarni ham qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. O‘zboshimchalik bilan qabul qilingan har qanday dori, hatto foydali dorining ham yuqori dozasi bemor organizmiga salbiy ta'sir qilib, virusga keng yo‘l ochib beradi. Shuning uchun ham barcha shifokor va bemorlardan berilgan ko‘rsatmalarga og‘ishmay amal qilish talab etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid