Jahon | 10:41 / 12.08.2020
9621
2 daqiqa o‘qiladi

Apple rahbari Tim Kuk milliarderga aylandi

Apple kompaniyasi bosh ijrochi direktori Tim Kukning boyligi 1 mlrd dollardan oshdi. Bundan Bloomberg Billionaires Index ma'lumotlari darak bermoqda.

Foto: Reuters

Bu orada aksiyalari o‘tgan hafta 5 foizga qimmatlashgan Apple’ning kapitallashuvi 2 trln dollarga yaqinlashib qoldi.

2011 yilda Apple rahbari va asoschilaridan biri Stiv Jobs hayotdan ko‘z yumganda kompaniyaning bozor narxi 350 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan keyin kompaniya bozor narxi Tim Kuk rahbarligida deyarli 6 marta qimmatlagan.

Kuk 2015 yilda boyligining asosiy qismini xayriyaga ajratishni rejalashtirayotgani va Apple’ning 1 mln dollarlik aksiyalarini xayriya qilganini ma'lum qilgan. Agar u boshqa xayriyalarni amalga oshirgan bo‘lsa, uning boyligi 1 mlrd dollardan kamroqni tashkil qilishi ham mumkin.

Kuk o‘z kapitalining asosiy qismini Apple’da 1998 yilda ishlay boshlagandan beri aksiyalar ko‘rinishidagi mukofot sifatida olgan.

Avgustda Apple aksiyalari narxi keskin tushib ketmasa, Kuk 9-marta mukofot puli olishi kerak. Buning natijasida uning kapitali yana 100 mln dollarga ko‘payadi.

Ayni vaqtda Kukga Apple’ning 847 ming 969 dona yoki 375 mln dollarlik 0,02 foiz aksiyasi tegishli. Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, aksiyalar sotilishi, dividendlar va boshqa kompensatsiyalardan olingan daromad uning boyligini yana 650 mln dollarga oshirgan.

Apple o‘tgan o‘n yillikda iPhone kabi innovatsion mashulot taqdim qila olmagan bo‘lsa-da, u bozorda barqaror o‘rinni saqlab kelmoqda. Kuk iPhone X va Apple Watch “aqlli” soatlari, yangi servislar, jumladan Apple Music ishlab chiqilishiga javobgar bo‘lgan va yangi sohalardagi, jumladan haydovchisiz boshqariladigan avtomobil va to‘ldirilgan reallik ko‘zoynaklari sohasidagi tadqiqotlarni nazorat qiladi.

Apple’ning kapitallashuvi yil boshidan 52,2 foizga o‘sib, ayni vaqtda 1,93 trln dollarni tashkil qilmoqda.   

Mavzuga oid