Jamiyat | 12:08 / 12.08.2020
13438
2 daqiqa o‘qiladi

Bir kunda 100 ming abituriyent imtihon topshirishi rejalashtirilmoqda - DTM

Respublika bo‘yicha esa bir kunda 100 ming abituriyent imtihon topshirishi rejalashtirilgan. Abituriyentlarga tibbiy niqob, qo‘lqopdan tashqari bosh kiyimi ham tarqatish rejalashtirilmoqda.

Bugun, 12 avgust kuni Xalqaro press klubning qabul masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida Davlat test markazi direktori Majid Karimov imtihonni tashkil qilish jarayoni haqida ma'lumot berdi.

«Joriy yil kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun 1 million 484 ming 85 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan, ularning 1 million 361 ming nafardan ortig‘i test sinovlarida ishtirok etadi. Bu juda katta raqam hisoblanadi. Pandemiya davrida test sinovlarini tashkil qilish esa ma'lum sharoitlarni talab qiladi.

Avval tayyorlangan yirik pavilonlar esa alohida talablarga javob bermaydi. Shuning uchun respublikada sharoit bor hududlarda imtihonlarni ochiq havoda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik boshlandi. Hozir bu yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda», dedi Majid Karimov.

DTM direktorining qayd etishicha, Toshkent shahrida 15dan ortiq stadion va turli bog‘lar o‘rganib chiqilib, Toshkent shahrida 1 smena uchun 10 mingga yaqin joy tayyorlandi, 2ta smenada esa 20 ming abituriyent imtihon topshirishi mumkin bo‘ladi. Respublika bo‘yicha esa bir kunda 100 ming abituriyent imtihon topshirishi rejalashtirilgan. Abituriyentlarga tibbiy niqob, qo‘lqopdan tashqari bosh kiyimi ham tarqatish rejalashtirilmoqda.

«Test sinovlari 2 sentyabrdan boshlab, 14 kun davomida bo‘lib o‘tadi. Abituriyent test natijasining javobini imtihonning ertasigayoq, talabalikka qabul qilinganini esa barcha sinovlar yakunlangandan so‘ng bir haftadan keyin bilish mumkin bo‘ladi. Bu haqida abituriyent o‘z shaxsiy kabineti orqali ma'lumot oladi», dedi markaz direktori press klub sessiyasida.

Mavzuga oid